O‘ldirilgan jurnalist Xashukjining unashtirilgan qizi Saudiya shahzodasini jazolashga chaqirdi
Saudiya Arabistonining Istanbuldagi Bosh konsulligida o‘ldirilgan saudiyalik muxolifat jurnalist Jamol Xashukjining unashtirilgan qizi Xatije Jengiz qirollik valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonni voqeaga aloqadorligi to‘g‘risida AQSh hisoboti e’lon qilinganidan keyin jazolanishini talab qildi.
Avvalroq AQSh Milliy razvedka direktori idorasi Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Xashukjining o‘ldirilishini shaxsan o‘zi ma’qullagan deb hisobladi. Saudiya Arabistoni rasmiylari AQSh razvedkasi hisoboti xulosalarini rad etib, "Hisobot noto‘g‘ri ma’lumotlar asosida tayyorlangan" deya ta’kidlashdi. Bayonotga ko‘ra, mamlakat hukumati jinoyatni sodir etganlarga nisbatan allaqachon zarur choralarni ko‘rgan.
"Men ma’ruzani mamnuniyat bilan kutib oldim. Allaqachon ma’lum bo‘lgan haqiqat yana bir bor tasdiqlandi. Ammo bu yetarli emas. Valiahd shahzodada adolat, haqparvarlik yo‘q. Buni tan olish va begunoh odamni shafqatsizlarcha o‘ldirish buyrug‘i uchun unga nisbatan jazo harakatini boshlash vaqti keldi, dedi Jengiz o‘zining Twitter sahifasida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, valiahd shahzodani jazolash kelajakda shu kabi jinoyatlarning oldini olishga yordam beradi. "Agar qotillik jazosiz qolsa, bu butun insoniyat uchun qora dog‘ga aylanadi", deya qo‘shimcha qildi o‘ldirilgan jurnalistning unashtirilgan qizi.
Ma’lumki, Xashukji 2018 yil oktyabr oyida Istanbulda Saudiya Arabistoni konsulligida o‘ldirilgan. Dastlab Saudiya Arabistoni hukumati uning diplomatik vakolatxonada g‘oyib bo‘lganini rad etdi, ammo video va audio yozuvlar paydo bo‘lib, birmuncha vaqt o‘tgach, ular Xashukjini "konsullik xodimlari bilan janjal oqibatida" o‘ldirilganligini tan olishga majbur bo‘lishdi. Turkiya politsiyasi hanuz uning jasadini topa olmadi.
Arab matbuoti Saudiya Arabistoni hukumatini tanqid qilgan Xashukjini o‘ldirish buyrug‘i qirollikdagi taxt uchun da’vogar - valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon orqali berilishi mumkinligi haqidagi versiyani ilgari surdi. Biroq, qirollik tashqi ishlar vazirligi valiahd shahzodaning bu jinoyatga aloqador emasligini aytdi.
Internet xabarlari asosida G.Xoldorova tayyorladi.