Olimlik martabasi ilmiy daraja bilan o‘lchanmaydi

Azaldan yetuk olimlar jamiyatning ilg‘or odamlari bo‘lgan. Shuning uchun ular necha asrlardan buyon millati, irqi va dinidan qat’i nazar, insonlar ardog‘ida, qalbi va tafakkurida yashab kelmoqda.
Yashirib nima qildik: hozir birorta yo‘nalish bo‘yicha fan doktori yoki fan nomzodi bo‘lsak, men olimman, deb da’vo qilib yuramiz. Ammo hayot shuni ko‘rsatmoqdaki, fan doktori yoki nomzodi, hali yetuk olim, degani emas.
Men yetuk olim, deb bejiz ta’kidlamayapman. Yetuk olim bo‘lish uchun tariximiz guvohlik berishicha, olimlikka da’vogar insonda ilmiy daraja emas, balki iymoni butun, vijdoni pok bo‘lishi kerak. Chunki asrlar davomida ardoqlab kelayotgan olimlarimizning birortasida fan doktori yoki fan nomzodi, degan ilmiy daraja bo‘lmagan. Ko‘rinib turibdiki, olimlik martabasi ilmiy darajalar bilan o‘lchanmaydi.
Ilmi zo‘r, iymoni butun, vijdoni pok odamda hasad bo‘lmaydi. Olimlarda zarracha hasad belgisi bo‘lsa ham, hali u yetuklik darajasiga yetmagan bo‘ladi. Iymoni butun bo‘lmasa, ilmi zo‘r bo‘lmasligi tayin, ilmi sayoz odam vijdonni poklashning ham uddasidan chiqmasligi mumkin. Ammo shunday insonlar borki, iymoni butun, vijdoni pok. Biroq, ularda o‘z vaqtida ilm olish imkoniyati bo‘lmagan.
Yon-atrofimizda iqtidorli bolalar ko‘p. Ammo ular to‘g‘ri tarbiyalanishi lozim. Buning uchun bolaga ustoz kerak. Agar iqtidorli bola o‘g‘rilar galasiga tushib qolsa, uning ustozi o‘g‘ri bo‘lsa, bu bola ham qoyilmaqom kissavur bo‘lib yetishadi. Agar u haqiqiy yetuk olimning qo‘lida tarbiyalansa, u albatta olim bo‘lib yetishishi tabiiy.
Ota bolani dunyoga keltiradi. Ammo uni qanday odam bo‘lib yetishishida ustozning o‘rni va roli katta. Bejiz “Ustoz otangdan ulug‘”, degan hikmat asrlar osha yashab kelayotgan emas. Masalan, ota oddiy oliy ma’lumotli agronom. O‘g‘li yoki qizini zo‘r kompyuter dasturchisi bo‘yicha mutaxassis qilib yetishtirishni xohlamoqda. Bu ota-onaning qo‘lidan kelmaydi, chunki ular bu fanni bilmaydi. Bunga shu sohani biladigan ustoz kerak.
Ustozlarning eng oliy fazilatlaridan biri - ularda hasad, xasislik alomati umuman bo‘lmasligi lozim. Agar ustozda yuqoridagilarning birortasidan zarracha bo‘lsa o‘zidagi bor bilimni shogirdiga to‘liq bermaydi. U o‘zida borini xasislik bilan asrab yuradi va o‘zi bilan olib ketadi. Bundaylar Alloh bergan davlatni birovga ehson qilmasdan, hech qanday savob olmasdan ketgan davlatmandga o‘xshaydi. Olimlar yetuk bo‘lishi kerak, deganimning yana bir ma’nosi shunda.
Har bir sohada bo‘lgani kabi olimlar o‘rtasida ham bir-biriga hasad qilish yo‘q emas. Demak, hali haqiqiy olimlikka da’vo qilishga haqimiz yo‘q. Fikrlarim muxtasarida bitta rivoyatni keltirishni maqsadga muvofiq deb topdim.
«Amir Temur podshoh bo‘lganda ikkita zo‘r olimni sinamoqlik uchun shikorga (ovga) taklif etibdi. Biri Abu Said Baraka, ikkinchilari o‘sha zamondagi yetuk alloma olim ekan. Otda uchalalari ketayotganda Abu Said Barakaning oti oldinroq ketib qolibdi.
O‘rni keldi, debdi-da Amir Temur allomaga qarab, “Abu Said Barakani juda zo‘r olim, taqvo, avliyo deysizlar. Men podshoh bo‘lsam, siz yetuk alloma bo‘lsangiz, u bizni mensimasdan oldinga o‘tib ketib qoldi-ku”, debdi.
Alloma: “Shohim bu insonga Alloh shunday ilm berganki, osmonga uchib ketmayapti haliyam. Bu zotning o‘tirgan oti bu insonning ulug‘ligidan osmonga uchay deb ildam ketib qolyapti. Abu Said Baraka bilan hamzamon bo‘lganimizdan Allohga shukur qilaylik”, debdi.
Otni bir qamchilab, Abu Said Barakaga yetib olgan Amir Temur endi u kishi bilan so‘z boshlabdi: “Bu allomani olim, avliyo deysiz, bizni mensimasdan orqada bemalol kelyapti. Bu qanaqa odam o‘zi?”, debdi.
Abu Said Baraka aytgan ekanlar: “Amirim, bu insonning ilmi shu darajadaki, haliyam uni yer, zamin ko‘tarib turibdi. Bu zot mingan ot bu odamning ilmi-yu taqvosini ko‘tarolmasdan asta-sekin kelyapti-da. Bu inson bilan hamzamon bo‘lganimizdan Allohga hamdu sano aytaylik”, degan ekan».
Xulosani o‘zingiz chiqaring, aziz o‘quvchim!
Mamayunus Pardayev,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori, iqtisodiyot fanlari doktori.