Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi Davlat grantlari ajratish maqsadida 6-tanlovni e’lon qildi
Jamoat fondi “Millatlararo bag‘rikenglik va do‘stlik muhitini mustahkamlashda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash” mavzuida Davlat grantlari ajratish uchun 6-tanlovni E’LON QILADI
Tanlovga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatini boshqa institutlarining quyidagi maqsadlarni nazarda tutgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalari qabul qilinadi:
1. Aholi, avvalambor, yoshlarda bag‘rikenglik va umuminsoniy qadriyatlarni mustahkamlash;
2. Yosh avlodni tarbiyalashda o‘zbek xalqining milliy, tarixiy va madaniy merosini, boy tarixini, yangi O‘zbekistonning yutuqlarini targ‘ib etish;
3. Jamiyatda tinchlik va barqarorlik, millatlararo totuvlikni ta’minlash, xorijdagi vatandoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga ko‘maklashish;
4. Xalq diplomatiyasini rivojlantirish, Markaziy Osiyoda do‘stlik hamda hamkorlikni mustahkamlash;
5. Xalqimizning nomoddiy madaniy merosini (xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’ati, folklor yodgorliklari, milliy bayramlar, festivallar, milliy taomlar va boshqalar) xorijiy auditoriya o‘rtasida ommalashtirish;
6. Jamiyatda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini shakllantirishda, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda rivojlantirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ahamiyati va nufuzini oshirish;
7. Jamiyatda millatlararo totuvlikni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida xalqaro jamoatchilikni xabardor qilish;
8. Fuqarolik, millatlararo va tinchlik hamda totuvlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan festivallar, forumlar, tanlovlar, uchrashuvlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish;
9. Madaniy merosni saqlash, aholi o‘rtasida madaniy merosga bo‘lgan munosabatni yanada yuksaltirish, ularni kelajak avlodga bekamu ko‘st yetkazish va madaniy merosga bo‘lgan munosabatni shakllantirish borasida targ‘ibot ishlarini olib borish;
10. Turli millat va elat vakillari o‘rtasidagi totuvlikni ta’minlash tajribasini ommalashtirish, targ‘ib qilishga bag‘ishlangan kitoblar, to‘plamlar, teleradio ko‘rsatuv, eshittirishlar tayyorlash;
11. “O‘zbekiston umumiy uyimiz” shiori ostida insholar va boshqa ko‘rinishdagi tanlovlar tashkil etish.
Davlat granti ajratish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
1. Tashkilot rahbari tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati.
2. www.foundngo.uz veb-saytida joylashtirilgan shaklda to‘ldirilgan davlat granti loyihasi uchun ariza.
3. Oxirgi o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining Ustavi (Nizomi) nusxasi.
4. Tashkilotning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi.
5. Agar loyihani amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda litsenziyaning nusxasi.
6. Manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlarining tavsiya hamda qo‘llab-quvvatlash xatlari.
Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori – 40 million so‘mgacha.
Hujjatlar 2021 yil 25 noyabrdan 26 dekabrgacha qabul qilinadi.
Hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNTlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi nomiga “O‘zbekiston pochtasi” orqali yuboriladigan muhrlangan konvertlarda (A4 formatda) quyidagi manzil bo‘yicha qabul qilinadi: 100035, Toshkent shahri, Bunyodkor ko‘chasi, 1-uy.
Hujjatlarni taqdim etish shartlari va namunalari bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining www.fondngo.uz rasmiy veb-saytida tanishish mumkin.
Ma’lumot uchun telefonlar: (0-371) 239-26-76, 239-26-86.