Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolariga guvohnoma va ko‘krak nishonlari topshirildi

2020 yil 19 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolariga guvohnoma hamda ko‘krak nishonlarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.

Unda Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, yangi saylangan deputat va senatorlar, siyosiy partiyalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Parlament saylovlari natijalariga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 150 nafar deputatini va Senatining 97 nafar a’zosini ro‘yxatga oldi. Senat a’zolarining 13 nafari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 17 yanvardagi Farmoniga asosan tayinlangan.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov milliy parlamentimizning yangi saylangan va Prezidentimizning farmoniga binoan tayinlangan a’zolarini xalq vakili bo‘lishdek sharafli maqomga musharraf bo‘lgani bilan samimiy tabrikladi.

Saylovchilarning, ya’ni 33 millionlik buyuk xalqning, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning yuksak ishonchiga sazovor bo‘lish hammaga ham nasib etavermaydigan yuksak sharafdir.

“Yangi O‘zbekiston – Yangi saylovlar” shiori ostida ochiq, oshkora va kuchli raqobat muhitida o‘tgan bu galgi parlament va mahalliy kengashlar saylovlarida deputatlik, senatorlik mandatiga erishish hech kimga oson kechgani yo‘q. Bu - erkin, demokratik jamiyat uchun tabiiy hodisa.

O‘tgan saylovlar natijasida zamonaviy O‘zbekiston tarixida ilk bor real raqobatga asoslangan milliy parlamentimiz shakllantirildi. Xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilganidek, saylovlar ham mazmun, ham shakl jihatidan mutlaqo yangicha o‘tdi. Bu mamlakatimiz endilikda butunlay yangi – demokratik o‘zgarishlar yo‘ldan dadil borayotganining sharofoti, amaldagi yorqin ifodasidir.

Yangilanayotgan O‘zbekistonning yangi parlamentidan xalqimizning umidi g‘oyat katta. Zero, endi har bir deputatning va har bir senatorning zimmasida har bir saylovchi, har bir fuqaro, butun xalqimiz va Prezidentimiz oldida yuksak mas’uliyat yuki bor. Bu muqaddas yukning nomi - xalqimiz farovonligini yanada oshirish, O‘zbekistonimizning eng rivojlangan demokratik davlatlar safidan mustahkam joy olishi uchun shu yurt farzandi sifatida munosib hissa qo‘shish.

Tadbirda parlament a’zolari endi o‘zining bor kuch-g‘ayrati, ulkan ilmiy, ijodiy va liderlik salohiyatini hamda insoniy fazilatlarini xalqimizning va mustaqil Vatanimizning ravnaqi yo‘lida safarbar etadi, degan umid bildirildi.

Avval xabar qilinganidek, Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Senatining birinchi majlislarini shu yilning 20 yanvar kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.