Oliy sud sudyalari va Sudyalar oliy kengashi vakillari fuqarolarni tingladi

Respublika ishchi guruhining kecha viloyat markazida Samarqand shahri, Samarqand, Past Darg‘om va Nurobod tumanlari aholisi uchun o‘tkazilgan ommaviy sayyor qabulida sud-huquq masalalariga oid murojaatlar ham ko‘rib chiqildi.

Bu yo‘nalishda Respublika Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari R.Mahmudova, Oliy sud sudyalari hamda Sudyalar oliy kengashi vakillari ishtirok etdi.

Unda 37 nafar fuqaro qabul qilindi. Murojaatlardan 14 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi, 23 ta murojaat bo‘yicha arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida xal qilish uchun qabul qilindi.

Samarqand tumani Xo‘ja Ahror Vali mahallasida yashovchi Intizor Bakayeva JIB Samarqand shahar sudining hukmidan va Samarqand viloyat sudining ajrimidan norozi bo‘lib murojaat qildi. Uning murojaati og‘zaki suhbat va hujjatlar asosida o‘rganib chiqildi hamda kassatsiya shikoyati Oliy sudda ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.

Samarqand tumani Chordara mahallasida istiqomat qiluvchi Ixtiyor Baratov Navoiy viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rilayotgan o‘ziga oid jinoyat ishi yuzasidan kiritilgan iltimosnomani rad etilganligi bo‘yicha murojaat qildi. Uning ham kassatsiya shikoyati Oliy sudda ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.

Shuningdek, o‘ziga oid jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlaridan norozi bo‘lgan yana 12 nafar fuqaro R.Mahmudovaning qabulida bo‘lib, murojaatlarini bayon qildi. Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari har bir murojaatchi bilan suhbatlashib, ayrimlariga huquqiy tushuncha berdi. Aksariyat murojaatlar bo‘yicha shikoyat ariza o‘rganib chiqish uchun qabul qilindi.

Viloyat sudi jamoatchilik va AOV bilan aloqalar bo‘limi.