Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining qanchasi ish bilan ta’minlandi?

Bugun ishsizlik muammosi nafaqat Samarqand viloyatida, balki respublikamizda dolzarb masalalardan biridir. Shu sababli oliy ta’lim muassasalarini bitirgan ayrim yoshlar ham ishga joylashishga qiynaladi. Kimdir o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topolmasa, kimdir maoshi kamligi bois ishlashni istamaydi. Xo‘sh, 2019-2020 o‘quv yilida Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining qanchasi ish bilan ta’minlandi?

Samarqand davlat universitetini 2019-2020 o‘quv yilida jami 2115 nafar talaba bitirgan bo‘lib, shundan 1879 nafari bakalavriat, 236 nafari magistratura yo‘nalishida tahsil olgan.

Bugungi kunga qadar bitiruvchilarning 1925 nafari ishga joylashgan, 190 nafari esa ishga joylashmagan. Ishga joylashmaganlarning asosiy qismi yosh bolali ayollardir.

Samarqand davlat tibbiyot institutini joriy yilda 585 nafar bakalavr bitirgan.  Shundan 280 nafari ishga kirgan bo‘lsa, 236 nafari oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirgan, 21 nafari dekret ta’tilida, 48 nafari vaqtincha ishsiz.

Shuningdek, joriy yilda magistraturani 76 nafar talaba bitirgan, ularning 66 nafari ishga kirgan, 5 nafari dekret ta’tilida va 5 nafari vaqtincha ishsiz.

Samarqand davlat chet tillar instituti bakalavriatini 596 nafar talaba bitirgan. Bitiruvchilarning 174 nafari grant asosida, 422 nafari kontrakt asosida tahsil olgan. Hozirgi kunda umumiy bakalavr bitiruvchilarining 445 nafari ish bilan ta’minlangan.

Institutda magistraturani 103 nafar talaba bitirgan bo‘lib, ularning 13 nafari grant asosida, 90 nafari kontrakt asosida ta’lim olgan. Bugungi kungacha 85 nafar magistrning bandligi ta’minlangan.

Samarqand veterinariya meditsinasi institutida joriy yilda 1004 nafar bitiruvchidan 213 nafari ishga joylashgan, xolos. 791 nafar bitiruvchi esa ishga kirmagan.

Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutini o‘tgan o‘quv yilida 824 nafar talaba bitirgan. Ularning 782 nafari bakalavr, 42 nafari magistrlik diplomini olgan. 124 nafar bitiruvchining bandligi ta’minlanmagan.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialini bu yil 345 nafar talaba bitirgan. Ularning 249 nafari ishga joylashgan bo‘lsa, 96 nafari ishsiz.

Shuningdek, viloyatdagi “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida hali bitiruvchilar mavjud emas.

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti bitiruvchilarining qanchasi ishga joylashgani haqida ma’lumot ololmadik.