Oliy ta’lim vazirligi QS xalqaro reyting agentligi bilan hamkorlik shartnomasi imzoladi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytingga kirishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Quacquarelli Symonds (QS) kompaniyasi bilan 2020-2021 yillarda hamkorlik bo‘yicha strategik shartnoma imzoladi.

Imzolangan shartnomaga ko‘ra, vazirlik QS xalqaro reyting agentligi bilan O‘zbekistonda oliy ta’limning global raqobatbardoshligini oshirish, xalqaro akademik jamiyatida va dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingida mahalliy oliy ta’lim muassasalarining e’tirof etilishini ta’minlashda hamkorlik qiladi.

– O‘zbekiston oliy ta’limining nufuzini mustahkamlash va uning xalqaro miqyosda tan olinishini yanada oshirish oldimizda turgan eng muhim masalalardan biri, – dedi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Majidov. – Shu nuqtai nazardan, o‘z yo‘nalishida dunyoning yetakchilaridan hisoblangan QS kompaniyasi bilan hamkorligimiz uzoq muddatli strategik xarakterga ega bo‘lib, mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi, shuningdek, alohida har bir oliy ta’lim muassasasi faoliyatini xalkaro mezonlarga mosllashtirishga yordam beradi.

Vazirlik va xalqaro reyting agentligi o‘rtasidagi hamkorlik quyidagi yo‘nalishlarda olib boriladi:

➖ O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari to‘g‘risida, ularning hozirgi holati va bibliometrik ko‘rsatkichlari, onlayn-muhitda faolligi haqidagi ma’lumotlarini qiyosiy tahlil qilish;

➖ Yetakchi oliy ta’lim muassasalari uchun xalqaro standartlarga muvofiq tadqiqotlar strategiyasini shakllantirish;

➖ Oliy ta’lim muassasalarining kompetensiya va salohiyatlari asosida yetakchi oliy ta’lim muassasalari uchun xalqaro kolloboratsiya strategiyalarini shakllantirish.

– Kompaniya O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik qilishdan manfaatdor va ular bilan professional muloqotni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratadi, - dedi QS kompaniyasining Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori Sergey Xristolyubov. – O‘zbek universitetlarining QS predmet va institutsional reytinglariga kirishi, Yevropa va Markaziy Osiyoda rivojlanayotgan mamlakatlar mintaqaviy reytingida mavqei oshishiga yordam berishni istaymiz.