“Olti oyda mahallalarda oldini olish mumkin bo‘lgan 12 mingga yaqin jinoyat sodir etilgan”? Prezident IIV tizimi haqida
Farg‘ona shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda Prezident huquq-tartibot sohasidagi ishlar ahvolini tahlil qilib, kelgusidagi vazifalarni belgilab bermoqda.
“Aslida ham, aholining tinchligini ta’minlash mahalladan boshlanishi kerak. Lekin mahallada jinoyatchilikni jilovlash ahvolidan xalqimiz qanchalik rozi?”, - deya savol qo‘ygan Prezident”.
Misol uchun, o‘tgan olti oyda mahallalarda barvaqt oldini olish mumkin bo‘lgan 12 mingga yaqin jinoyat sodir etilgan.
Qotillik va tan jarohati bilan bog‘liq jinoyatlarning 50 foizi oilaviy-maishiy nizolar va muntazam janjallar oqibatida, o‘g‘rilikning 70 foizi ishsizlik va moddiy yetishmovchilik sabab, yoshlar va o‘smirlar jinoyatlari, asosan, oiladagi muhit va huquqiy savodxonlik yetishmasligi tufayli sodir bo‘lmoqda.
Shuningdek, ayrim huquq-tartibot idoralari rahbarlari jinoyatchilikni oldini olishda jilovni qo‘yib yuborgan.
"Ular orasida shaxsiy manfaatlarini kasbiy majburiyatlaridan ustun ko‘rayotgan, huquq-tartibot idoralarida ishlashga nomunosib bo‘lgan bir qator rahbarlar ham bor", - dedi davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishda mamlakatimiz bo‘yicha kriminogen vaziyat murakkab bo‘lgan, “qizil” toifaga kiritilgan mahallalar eng ko‘p Toshkent shahri, Farg‘ona, Qashqadaryo, Buxoro va Namangan viloyatlariga to‘g‘ri kelgani ko‘rsatib o‘tildi.
O‘tgan olti oyda mahalladagi o‘ta og‘ir va og‘ir jinoyatlar Farg‘ona, Toshkent viloyati, Toshkent shahri, Buxoro, Andijon, Qashqadaryo viloyatlarida eng ko‘p sodir etilgan.
Farg‘ona shahrida o‘g‘rilik, Namangan shahrida bezorilik, Qo‘qon shahrida tan jarohati, Samarqand shahrida nomusga tegish va tovlamachilik, Mirobod tumanida qotillik ko‘p yuz bergan.