“Oltin bosh”lar nega xorijga ketyapti?

Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz ba’zi “oltin bosh”larning xorijda mehnat qilayotgani, o‘z iqtidorini o‘zga yurt uchun sarflayotganiga guvoh bo‘lasiz. Yoshlar bilan suhbatlashsangiz, ayrimlari tezroq xorijga chiqib ketishni istayotgani, O‘zbekistonda muammolar ko‘pligi, ishlari yurishsa, chet el fuqaroligini olib, o‘zga yurtda qolib ketishni rejalashtirayotganini aytadi.

Keksalar esa iqtidorli mutaxassislar kamayib ketgani, shuning uchun soha mutaxassislari o‘z ishini puxta bajara olmayotganidan nolishadi.

To‘g‘ri, bugun rivojlangan davlatlar bizdan ancha ilgarilab ketgan. Ammo bu taraqqiyotni ularga chetdan birov kelib qurib bermagan, o‘sha yurtning fuqarolari vijdonan mehnat qilgan va har bir sohada yetuklikka erishib, rivojlangan davlatlar qatoridan joy olgan. Xo‘sh, nega farzandlarimiz o‘z bilim va iqtidorini Vatanga sarflashdan ko‘ra, chet elni orzu qilmoqda? Sababi, ayrim yoshlarimiz tarixini, ota-bobolarimiz qoldirib ketgan ulkan merosni bilmaydi. Tarixini bilgan xalq esa hech qachon o‘zga yurtda muhojirlikka rozi bo‘lmaydi. Xo‘sh, yoshlar qalbida Vatanga muhabbatni qanday paydo qilish mumkin?  

Qurolli Kuchlarning 30 yilligi munosabati bilan yaqinda Samarqand garnizonidagi harbiy qismda ochilgan tarix o‘quv binosida bo‘ldik. O‘quv binosining har bir xonasi tarixdan so‘zlaydi, kattayu kichikni o‘ziga ohanrabodek tortadi. Masalan, Zahiriddin Muhammad Bobur hayotiga bag‘ishlangan xona devorida shoh va shoirning harbiy faoliyati, olib borgan janglari, Hindistonda ozgina askar bilan katta qo‘shinga qarshi yurishi, jangda dushmanni qanday qurshab olgani va g‘alabasi, Boburiylar shajarasi, Toj Mahal tasvirlangan. Xonani bir ko‘zdan kechirgan kishi Boburning shonli va mashaqqatli hayot yo‘li bilan tanishadi. Xonadan o‘sha davrda foydalanilgan qurol-aslahalar maketi ham joy olgan.

Shuningdek, ibtidoiy davr aks ettirilgan xonada zardo‘shtiylarning “Avesto” kitobi, Shiroqning jasorati, To‘marisning mardligi, Muqanna qo‘zg‘oloni bilan tanishasiz. Qadimgi davr tarixi shundoq ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. Kitob o‘qisa zerikadigan yoshlar bu xonada, albatta tarixga qiziqib qolishi va o‘zlari istab tarix kitoblarini o‘qishi shubhasiz.

Jaloliddin Manguberdi hayotiga bag‘ishlangan xonadan uning jasorati, shiddatli janglari aks etgan lavha va ma’lumotlar, Xorazmshohlar davlati xaritasi joy olgan bo‘lib, bu har bir o‘g‘lon qalbida vatanparvarlik hissini yanada oshiradi.

- Jaloliddin Manguberdi haqida ilmiy ish qilyapman, - deydi tarix fani o‘qituvchisi Mirjalol Akobirov. – Shu bilan birga ushbu harbiy qismda ishlayapman, harbiylarga tarix fanidan saboq beraman. Tarixini bilgan inson Vatanini mehr-muhabbat bilan qo‘riqlaydi, asraydi va buning uchun bor kuch-g‘ayratini sarflaydi. 

Binoda Sohibqiron Amir Temurga bag‘ishlangan xona, ikkinchi jahon urushiga oid xona, 1925 yildan shu paytgacha davlat rahbarlari faoliyati aks ettirilgan bo‘lim,  Registon majmuasi va Buyuk Ipak yo‘li maketi ham mavjudki, ularni shunchaki so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Har bir bo‘limda o‘sha davr ruhi aks ettirilgan, hatto deraza pardalariga ham janglar, xaritalar tasviri tushirilgan.

Yoshlar harbiy qismdagi tarix o‘quv binosini bir aylansa, nafaqat tariximizni o‘rganadi, balki Vatanga muhabbati oshadi, o‘zligimiz, milliy qadriyatlarimizga mehr qo‘yadi. Mana shunday tarixdan so‘zlovchi o‘quv xonalari har bir maktabda tashkil etilsa, yoshlarimiz kelajakda o‘z bilimlarini Vatan ravnaqi yo‘lida sarflaydi. “Men xorijga chiqib ketishim kerak”, deb emas, “Men Vatanim rivojiga hissa qo‘shishim kerak”, deb harakat qiladi. Vatanparvarlik tarixni o‘rganishdan boshlanadi.

Xurshida Ernazarova.