Oltoyda odamxo‘r bo‘lganmi?
Rost, bu haqda tarixda kam bo‘lsa-da, dalillar bor.
Masalan, 1959 yil qishda taygalik ikki ovchi - Sariglar va Adar itlari bilan mo‘ynali hayvonlarni ovlash uchun tog‘li Oltoyning inson qadami yetmas joylariga ovga chiqadi. Muvaffaqiyatli ovdan so‘ng do‘stlar kechki paytda ovchilar kulbasiga qaytayotganida Adar ov qilgan joyda boltasini unutib qoldirganini eslab qoladi. U o‘zining parishonxotirligidan nolib, orqaga qaytadi. Oradan o‘n besh daqiqalar vaqt o‘tgach, itining qattiq hurgani eshitiladi.
Vaqt o‘tib borardi, lekin Adardan darak yo‘q. Sariglar fonari bilan yo‘lini yoritib, uning orqasidan jo‘naydi. Yalanglikda to‘xtagan joyga kelganida fonar yorug‘ida bir sharpaga ko‘zi tushadi - u egilib nimadir qilar edi.
Sariglar baland ovozda sherigini chaqiradi. Unga javoban sharpaning irillagan tovushi eshitiladi va unga qarab ulkan gavda ko‘tariladi. «Sharpa»ning bo‘yi ikki metrdan ziyod bo‘lib, tanasi jun bilan qoplangan odamsimon mavjudot edi. Maxluq qonli jag‘ini ochib, ovchiga g‘azab bilan qaraydi. Sariglar shoshib, chekinishga uringanida fonar yorug‘ida maxluqning qo‘lidan Adarning uzilgan boshi qorga otilib ketadi. Qo‘rqib ketgan Sariglar ovchilar kulbasiga qarab qochadi.
O‘ziga kelgach, yaqin oradagi qishloqqa jo‘naydi. Surishtirib, kohinning uyiga keladi. Sariglar bo‘lgan voqeani kohinga dag‘-dag‘ titrab, so‘zlab beradi. Suhbatdoshi unga o‘n-o‘n besh yildan buyon odamlarga tahdid solayotgan odamxo‘r maxluq haqida so‘zlab beradi.
Odamxo‘r maxluq yaqin atrofdagi qishloqlar chekkasidan odamlarni o‘g‘irlab ketar ekan. Faqt shu qishloqning o‘zidan Taygaga o‘g‘irlab ketilgan 10 kishi qaytib kelmabdi. Asosan bahorda xotin-qizlar yo‘qolar ekan. Odamxo‘rga qo‘yilgan tuzoqlar, pistirmalar behuda ketibdi.
Sariglar do‘stining dahshatli o‘limi uchun o‘ch olish va tuman aholisini odamxo‘rdan xalos qilishga bel bog‘laydi. Bu juda xatarli edi. Sariglarga yordam berish uchun sakkiz nafar ovchi rozi bo‘ladi. G‘ayritabiiy kuch va qobiliyatga ega maxluq ularning hammasini o‘ldiradi. Faqat Sariglar mo‘’jiza tufayli omon qoladi.
Qurolini yo‘qotib maxluq ta’qibidan qochgan Sariglar bir amallab ovchilar kulbasiga yashirinishga muvaffaq bo‘ladi. Odamxo‘r yetib kelib, tambalangan eshikni buzib, kulbaga kiradi. Kulbada unga qarshi ishlatish uchun birorta qurol yo‘q edi. Sariglarning ko‘zi ovchilar terini oshlashda foydalanadigan shishadagi sulfat kislotaga tushadi. Uni maxluq basharasiga sepib yuboradi. Yuz-ko‘zlarini kislota kuydirgan maxluq o‘kirib chekinadi va daraxtlar orasiga g‘oyib bo‘ladi…
Ovchi yana bir yildan so‘ng o‘sha qishloqqa boradi. Odamlar unga Taygada endi hech kim yo‘qolmayotganini aytadi. Yarim yillar o‘tgach, kimdir tubsiz jar tagida boshdan oyoq jun bilan qoplangan ulkan maxluqning o‘ligini ko‘rganini aytadi. Bu dahshatli hodisa shunday yakun topadi.
Ulkan odamxo‘rni qaysi turga mansubligi esa haligacha jumboqligicha qolmoqda.
T.Shomurodov tayyorladi.