Ombudsmanning viloyatdagi vakili: mahkumlar va vaqtincha hibsxonada saqlanayotganlar uchun sharoitlarni yaxshilash kerak
Viloyat IIB tarkibidagi vaqtincha saqlash hibsxonasi va muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari juda achinarli ahvolga kelib qolgan. Yashash uchun sharoitlar yo‘q, binolar ta’mirtalab ahvolda.
Bu haqda Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning viloyat bo‘yicha mintaqaviy vakili D.Husanov xalq deputatlari viloyat Kengashining 88-sessiyasida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ob’yektlarda olib borilgan monitoringlar davomida ularni boshqa joyga ko‘chirish yoki qaytadan ta’mirlash kerak degan xulosaga kelingan.
Bundan tashqari, o‘rganishlar natijasida viloyatdagi 37- va 38-manzil koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan 1000 nafarga yaqin mahkum va mahkumalar uchun tibbiy ko‘riklar tashkil qilingan.
Qayd etilishicha, manzil koloniyaga chiqqan mahkum va mahkumalar shartnoma ob’yektlarida ishlab, kunlik xarajatlarini qoplash belgilangan. Ba’zilarida ahvoli og‘irligi sabab shartnoma ob’yektlariga chiqmaganligi sababli kunlik oziqlanish xarajatlarini ham topolmaydi.
Ular orasida nogironligi yoki sog‘ligida muammosi borlari sababli ishlash imkoniyati yo‘qlar ham bor. Sog‘ligida muammosi bo‘lgan, lekin imkoniyati cheklangan mahkum va mahkumalar uchun imtiyozli davolanish hamda pullik operatsiyalarni amalga oshirish uchun muayyan miqdorda mablag‘ ajratish zarurgi taklif qilindi.