O‘n to‘rt tilni bilgan jadid, ma’rifatparvar, tarjimon va shoir hayoti, ijodi va achchiq qismati eslandi

Samarqand shahrida viloyat hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida ma’rifatparvar olim, jurnalist va tarjimon Saidrizo Alizoda tavalludining 137 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Unda viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi o‘rinbosari Karim Mahammadzoda, Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev va viloyat keng jamoatchiligi vakillari qatnashdi.

Shahardagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan tadbir ushbu ta’lim maskanida o‘rnatilgan Saidrizo Alizoda byusti oldida uning xotirasini yod etish hamda maktab o‘quvchilarining ma’rifatparvarning hikmatli so‘zlarini aytishdan boshlandi.

Maktab zalida davom etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ishtirokchilari Saidrizo Alizoda qoldirgan boy ilmiy-ma’rifiy meros haqida so‘z yuritdi. 

Viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov keyingi paytda Prezidentimiz tomonidan jadidchilarni yod etish, ular qoldirgan ma’naviy merosni bugungi va kelgusi avlodga yetkazish masalasi alohida diqqat markazida bo‘layotgani, ular to‘g‘risida adabiyotlar va hujjatli filmlar ishlab chiqilayotganini e’tirof etdi. Shuni hisobga olib, Saidrizo Alizodaning kelgusi yilda o‘tkaziladigan 138 yilligi oldidan yosh avlodga o‘rnak bo‘ladigan ma’rifatparvar, jadidchi haqida alohida film hamda spektakl tashkil qilishga kirishilganini bildirdi.

Ma’rifiy tadbirda Alizoda milliy matbuot rivojiga ham katta hissa qo‘shgani, Samarqandda gazeta va jurnallar tashkil etishda faol ishtirok etib, “Samarqand” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasi muharriri bo‘lgani, “Shu’lai inqilob” jurnalini tashkil etgani e’tirof etildi. Nabirasi Farhod Alizoda bobosi haqida achchiq xotiralar bilan esladi. O‘quvchilar tomonidan jadidchi bobomiz to‘g‘risida sahnalashtirilgan chiqishi tadbir ruhini ko‘tardi.

-  Saidrizo Alizoda ma’rifatchi inson sifatida nafaqat sizning mamlakatingizda yoki Ozarbayjonda, balki qo‘shni mamlakatlarda ham ulug‘lanadi, – deydi Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi o‘rinbosari Karim Mahammadzoda. – Chunki u kishi o‘n to‘rt tilni bilgan va bu borada savodxonlik maktablari tashkil etib, o‘sha zamonda ma’rifat ulashishdek ezgu ishda bosh bo‘lgan. Va Alizoda yaratgan darsliklar uzoq yillar ta’lim tizimiga qo‘llanilganini barsamiz yaxshi bilamiz va faxrlanamiz.   

       

Tadbir davomida ishtirokchilardan bir guruhi Saidrizo Alizoda mangu qo‘nim topgan maskanni ziyorat qildi, uning haqiga duo qilinib, ibrat bo‘luvchi fazilatlari yodga olindi. So‘ngra Saidrizo Alizoda uy-muzeyida bo‘lib, bu yerda ma’rifatparvar hayoti, ijodi va faoliyati bilan bog‘liq eksponatlar bilan tanishdilar.

Husan Eltoyev.