Ona qizini urgan o‘qituvchi ustidan 10 oy o‘tib IIBga arz qildi

Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda «Ona qizini urgan o‘qituvchi ustidan oradan 10 oy o‘tib IIBga arz qilmoqchi» sarlavhali xabarga munosabat bildirib, ish Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqilganini ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, bundan 10 oy avval, 17 yanvar kuni Angren shahrida joylashgan 44-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Manzura Mirzaboyeva 3 «B» sinfdagi mehnat darsida o‘quvchi D.O. yonida o‘tirgan sinfdoshi bilan janjallashgan. O‘quvchilar Manzura Mirzaboyevaning ogohlantirishiga qaramasdan, janjalni davom ettirishgan. Darsga halal berganlari uchun Manzura Mirzaboyeva qo‘lidagi yelim idishni ular tomonga bexosdan (IIV xabarida shunday deyiladi) otgan va buning oqibatida idish D.O.ning burniga tegib, uni jarohatlagan.

Shundan so‘ng Manzura Mirzaboyeva D.O.ni tibbiyot muassasasiga olib borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan va barcha zaruriy dori-darmonlarni o‘z hisobidan olib bergan. D.O.ning onasi N.O. qiziga yetkazilgan jarohat yuzasidan hech qanday da’vosi yo‘qligini ma’lum qilib, yozma tilxat yozib bergan. Qizning onasi shu kunga qadar ichki ishlar organlariga murojaat qilmagan.

Shu yilning 16 oktyabr kuni N.O. 10 oy avvalgi holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlar orqali shikoyat bilan murojaat qilgan.

Ichki ishlar vazirligiga hozirda mazkur holat yuzasidan barcha zaruriy hujjatlarni jamlab, Angren shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.