Oppoq qor tilaklari
Yoshligim juda ko‘p voqealar guvohidir. O‘sha kezlarda xo‘p va ko‘p qor yog‘ardi. Hatto, tom ustidagi qorlarni kuray olmay qolardik.
Kunlarning birida qalin qorning erishi tufayli jilg‘alarda suv ko‘payib, soylar o‘zanidan toshib, odamlarni oqizib ketganligini eshitdik. Bu voqealar 1969 yilning qish fasliga to‘g‘ri keladi. Qishlog‘imiz Oqtov yon bag‘irlarida joylashganligi uchun qor ko‘p yoqardi. Qor mo‘l yoqqanda, bepoyon dalalar oppoq ko‘rpaga burkanib qolardi. Qir-adirlarda o‘sgan bodomchalar yonida kakliklar sayrashi eshitilardi. O‘sha qorlarning ustida botib qolgan kakliklarni quvib, ushlab olardik. Ko‘proq yomg‘ir aralash qor yog‘ardi.
Jizmon qishlog‘im ana shunday beg‘uborlikni tarannum etuvchi joylardan biri hisoblanadi. Bu joyda yoqqan qor ertasi kunigacha muzga aylanardi. Muzli qor ustida sumkalarimiz bilan toyg‘inchoq o‘ynardik. Baland-baland qirlar ustidan tayoqqa o‘tirib, pastga qarab toyardik. Qordan katta-katta qorbobolar yasardik. Ular haftalab erimay turaverardi, maktabimiz pastlikda joylashganligi uchun sumkalar ustiga o‘tirib toyib borardik.
Beg‘ubor yoshligimda bo‘lgan, ko‘rgan narsalar ne-ne o‘ylarga botirmaydi deysiz? Bu o‘ta beg‘uborlik, samimiylik, ko‘ngil pokligi insonda yanada buyukroq ishlar qilishga undayotganga o‘xshaydi. Kecha yoqqan qor ham ko‘nglimga yoshlikdagi damlarni esga soldi. Qishda bo‘ladigan ko‘pkari to‘ylar yodimga tushdi. Atrofning beg‘uborligini ko‘rib, qalbimda ajib tuyg‘ular, niyatlar paydo bo‘ldi.
Oppoq qor, bu oqlikda juda ko‘p ma’nolar bor. Yangi yilda mayin-mayin yoqqan qor insonlarga mehr-oqibat ulashsin, ularning ko‘nglini momiq qorday yumshatsin. Qor elimizga to‘kin-sochinlik olib kelsin.
Zayniddin NORMAN,
Toshkent viloyati.