Oqdaryo “oh!” urgan zamon

3-sinfda o‘qir edim. Maktabimizga haqiqiy, urushga qatnashgan bobo keldi. Murtazo bobo! U kishi bo‘ynimga qizil galstuk taqdi, men she’r aytdim. Negadir o‘qituvchilar, hatto, bobo ham yig‘ladi, ko‘zlarini ro‘molchasi bilan artdi. Men ham boboga qizil galstuk taqdim. U kishi urush haqida gapirdi, rosti, men ko‘rqdim. Bobo bizdan ikki sinf yuqori o‘qiydigan maqtanchoq Murodning otasi edi. Murod menga qarab kuldi, u miltiqlar, o‘lgan odamlar, bombalar, portlagan shaharlar, qulagan uylarni Murtazo bobodan eshitaverib o‘rganib qolgan shekilli, miq etmadi, undan boshqa hammamiz qo‘rqdik. Gitlerni shu qadar yomon ko‘rib ketdikki, undan bizni qutqargani uchun boboga gullar berdik, qarsaklar chaldik.
Maktabdan chiqib, otamning yoniga shoshildim. Kech bo‘ldi, otam daladan qaytdi, dasturxon atrofida o‘tirdik.
- Ota, siz ham urushga borganmisiz?.. Gitlerni ko‘rganmisiz?
- Yo‘q.
- Nega? ...
Ayni damda otamning urushga borganligini, Murtazo bobodek qahramon bo‘lishini, Gitlerni mening otam o‘ldirgan bo‘lishini shu qadar istadimki, afsus, otam indamadi.
Otam – Jiyan bobo Mamatov 47 yoshda bo‘lganida men tug‘ilgan ekanman, o‘sha payti otam 60 yoshda, bildirmay ichimda hisobladim, urush boshlanganida otam 37 yoshda bo‘lgan ekan. Nega urushga bormagan? Ovqatlanib bo‘lgunimizcha otam ham, men ham gapirmadik. To‘shakka yonboshlagach, yana otamga suykaldim.
- Ota, Murtazo bobo Sobir Rahimov degan general bilan Berlingacha borgan ekan, bugun maktabimizga keldi. Bizlarni nemislardan qutqargani uchun u kishiga gullar berdik. Murod rosa maqtandi. Siz nega urushga bormagansiz?
Otam ham urush haqida biror so‘z aytarmikan deb yuzlariga termuldim. Otam chuqur nafas oldi, yelkamga qo‘lini og‘ir tashladi:
- Meni urushdan oldin otib qo‘yishgan, qizim.
- Kim otgan?!
- Qaroqchilar...
- Voyy...avtomatdanmi?!
Otam miyig‘ida kuldi, qo‘limdan ushlab, kaftimni sekin chap tirsagiga qo‘ydi.
- Shu tirsagimning bukilmasligini bilasanmi, qizim? Bosmachilar meni qo‘limdan ayirishdi, mayib qilishdi, shuning uchun urushga borolmadim. Meni harbiyga olishmadi.
- Nima uchun otdi sizni ular, ota?
- Otimning jilovini qo‘yib yubormaganim uchun.
- Nega qo‘yib yubormadingiz?
- Zo‘-o‘-r ot edi... kolxozning otlari ham bor edi.... 40- yil, ot aravalarga ortilgan paxtani, shaharga, “xloppunkt”ga topshirib, Karkining yo‘li bilan qaytib kelayotgan edik...
Otam mening fe’limni yaxshi bilardi, biror gapni boshlasak, oxirigacha yetmasak qo‘ymasdim, savol beraverardim. Shuning uchun o‘sha bosmachilar, qaroqchilar bilan bo‘lgan jangni boshdan oyoq, miri-sirini qoldirmay aytib berdi. Kolxozlar tashkil etilgandagi qiyinchiliklar, qo‘lda ekilgan paxtalar, uni qoplab aravalarga ortganlari, u paytda to‘g‘ri yo‘llar bo‘lmaganligi, o‘nqir-cho‘nqir ko‘chalarda, dayravotda changal oralab yuk tashiganlari, yo‘lda qaroqchilar dehqonlarning mulkini talaganlari, otamni otgan qaroqchilar yigirma arava paxtaning pulini va yigirmata otni qurol bilan qon to‘kib, tortib olgani, ayniqsa, otamning “Chavkar” nomli karvonboshi otiga ichi achiganligi, otdan tushmay jilovni bermaganligi uchun otishgani, otam hushsiz yiqilgani va yana urush...urushning ortidagi yetimlar, bevalar, ocharchilik, qurg‘oqchilik... Ehhe-ye...!!! Xuddi, tushda ko‘rayotgandek, so‘zlarini eshitgan sari diqqat bo‘lib, otamning chap tirsagidagi qiyshiq bitgan suyagini mehr bilan silayveribman. Maktabda Murtazo bobodan eshitgan dahshatli janglar xotirasiga otam aytgan voqealar qo‘shilib, battar alamim keldi.
- Murtoz bobong mendan 17 yosh kichkina, urush boshlanganda men kolxozda mudir edim, u 19 yoshda edi, - dedi otam meni yanada tinchlantirish uchun taassurotlarini qayta davom ettirib. - Murtozga o‘xshagan zabardast yigitlardan 102 nafarini urushga jo‘natdik.
- Ehe... ular shuncha ko‘pmidi, ota?
- Ko‘p edi... minglab edi ular.
- Nega boshqalari maktabga kelmadi?
- Keladi qizim, keladi. Sizlar chaqirsalaring keladi. Faqat ...
- Nima faqat...
- 80 nafar bobolaring kelolmaydi.
- Nima uchun? Ular ham tumanda adashib, nemislarni ko‘rmay qolganmi?
- Juda uzoq joylarda, urushda halok bo‘ldi ular, qishlog‘imizga qaytib kelmadi, Mastura opangning otasidan ham qoraxat keldi.
- Qora xat o‘lgan otalardan keladimi?
- Ha, qizim.
- Bechora Mastura opam, shuning uchun yig‘lagan ekanda, Murtazo boboni ko‘rib a?
- Ha, endi uxla, qizim, bugunga yetadi, charchading…
Oradan yillar o‘tdi. Oliy ma’lumotli adabiyot o‘qituvchisi bo‘ldim. Xuddi o‘sha maktabda ish boshladim. Otajonim doim yonimda bo‘ldi. Otam va Murtazo bobodan so‘rab, mahallamizdan urushga ketganlar, halok bo‘lganlar, omon-eson qaytganlar hamda front ortidaga hamqishloqlarimizning mehnati, hayotini o‘rgandim, kitob yozdim. Maktabimizda muzey tashkil qildik, maktab hovlisida urushda halok bo‘lgan va bedarak ketgan qishloqdoshlarimiz xotirasiga yodgorlik toshi o‘rnatdik. Otam aytganidek, omon-eson qaytgan 22 nafar urush qatnashchilaridan Shaxobiddin bobo, Jo‘ra bobo, Rasul bobo, Eshonqul bobo, Ovulmurod bobo, Dalim bobo, Anvar bobo va boshqa otaxonlarimizni har yil 23 fevral, 9 may kunlarida maktabimizga taklif qildik. Ular o‘sha yillari Ikkinchi jahon urushi tufayli dard chekkan, jabrlangan barcha xalqlar, vayron bo‘lgan shaharlar haqida o‘quvchilarimga so‘zlab berdilar. Bolalar, xuddi, mening yoshligimdagi kabi, uchrashuvlarda otaxonlarga qator savollar berar va hayajonda uylariga qaytar edilar. Ular ham menga o‘xshab ota-onalarini savolga tutishlari, uylarida urushga nafrat, tinchlikka mehr uyg‘onishini o‘ylasam, xursand bo‘lardim.
Oradan yana yillar o‘tdi. G‘alabaning 40, 45, 50, 60, 70 yilliklarini nishonladik. Bugun 65 yoshdaman, G‘alaba esa 75 yoshda. Aslida hayotning o‘zi kurashlardan, urushlardan iborat ekan.
Oqdaryo tumanidan urushga ketgan 4329 nafar yigitlarning 1881 nafari uyiga qaytdi, xolos, 92 nafari bedarak ketdi, 2356 nafar navqiron yigitlarimizning jismi urush olovlari orasida, jasadlari begona yurtlarda, noma’lum o‘lkalarda qo‘nim topdi. To‘rt yarim ming onaning ko‘z yoshlari Oqdaryoning bag‘rini kuydirdi, to‘lqinlarini toshirdi, sohillarini yondirdi. Halok bo‘lgan ikki yarim ming yigitning dog‘i otalarning qaddini dol, umrini zavol qildi.
Tariximizning tirik guvohlari bo‘lgan – urushdan qaytgan otalarimizdan kundan-kun, birma-bir judo bo‘laverdik. Tumanimizga qariyb ikki ming kishi urushdan omon qaytib kelgan edi. Hozirchi, bugun-chi, ular yonimizda bormi? O‘tgan yil xotira kunida qahramonlarimizning faqat 3 nafari hayot edi. Bu yil-chi, bugun-chi? Bugun 160 mingga yaqin Oqdaryo tumani aholisining ichida, faqat bir nafargina... faqat, bir nafargina Ikkinchi jahon urushi – Ulug‘ Vatan urushining qatnashchisi yashamoqda. U kishi – mening bolalikdan tabarruk qahramonim, O‘zbekiston mahallasining Ravot qishlog‘ida yashovchi Murtazo bobom. 1926 yil 4 mart kuni tug‘ilgan, 1944 yilda urushga ketgan, Berlingacha jang qilgan, harbiy xizmat burchini o‘tab, 1948 yilda yurtiga qaytgan, Munavvar onajonimiz bilan baxtli yashab, yolg‘iz farzandi Murodjonni ulg‘aytirib, hozirda 19 nafar nevara, evaralarini suyub yashayotgan bobom – Murtazo Eshpo‘latov! Tirik tarix, Oqdaryo “oh!” urgan zamonlarning yagona guvohi.
O‘tgan safar borganimda ancha betob edilar. Bobo urushdan qaytgandan so‘ng, kolxozda hisobchi va boshqa har xil mas’uliyatli vazifalarda tinim bilmay ishladilar. Tanish-bilish, oshna-og‘aynilari juda ko‘p, mehmondo‘st inson. Shuning uchun har bayramda ilgariroq harakat qilaman, zora, ko‘proq vaqt suhbatlarida bo‘lsam deyman.
Boboning uyiga kirib borishim bilan har galgidek, nabiralari yugurib, qarshimga chiqishdi, keyin kelini Nortosh opa, o‘g‘li Murod og‘amiz...
- Bobom qalay? Qabul qiladilarmi, tetikmi o‘zlari? - so‘radim hazil aralash
- Bobongiz mixday, internet ko‘ryaptilar, - dedi Murod tomdagi antennaga ishora qilib.
- Nahotki, vahimaga tushmadilarmi, ishqilib? Har qalay, shu baloni bobojonga bildirmasalaring bo‘lmasmidi?
- Otam hammadan oldin eshitib, tartiblarini tuzib tashladilar. Mana ko‘rmayapsizmi? - dedi Murod yana maqtanib, barcha oila a’zolarining taqib olgan niqoblarini ko‘rsatar ekan. Siz ham taqib oling, zamondosh, yo‘qsa, jarimaga tortadilar.
Xona yanada fayzli bo‘libdi. To‘rdagi taxmonda boboning 1947 yilda, Berlinda tushgan surati turibdi. Navqiron yigit harbiy libosda viqor bilan kursida o‘tiribdi. Ilgichda boboning qator orden va medallari taqilgan chiroyli kostyum.
- Assalomu alaykum, bobojon, yaxshimisiz? Kayfiyatingiz, sog‘ligingiz... Men...Oygulman.
- Ha-a, Oygul qizim, Jiyan akamning qizi, xush kelibsan.
Boboning qoq suyak bo‘lib qolgan, avtomat qo‘ndog‘idek qattiq, ammo, issiqqina qo‘llaridan tutdim, otaning nuroniy chehrasi ochilib, o‘pkasi bir to‘lib bo‘shandi. Ko‘zlari sal xira tortgan bo‘lsa-da, har qanday kishini siyratidan taniydi. - Nima gap, bobo, aytavering...?
- Nechta bo‘ldi?
- Tushunmadim...
- Nechta odam o‘ldi?
- Ha-a-ya, virusdanmi? Besh kishi o‘ldi.
- Vah, - dedi bobo, tizzasiga bir mushtlab.
- Kechagina to‘rtta edi-ya...
- O‘zbekiston bo‘yicha beshta... - tinchlantirmoqchi bo‘ldim otaxonni.
- Dunyo bo‘yicha bo‘lmaydimi? Nega odam o‘ladi? Shunday tinch zamonda-ya? U zamonlar o‘limdan qutulishning chorasi qo‘lga qurol olish edi. Bu urushning chorasi uyda o‘tirish bo‘ldi, yuzga niqob taqish bo‘ldi. Sen nega uyingda o‘tirmay, ko‘chada yuribsan?
Yo tavba, bobodan bu gapni aslo kutmagan edim. Mulzam bo‘ldim. Men nodon yana boboni pandemiyadan asrash kerak deb, himoya izlab yuribman-a.
- Urush yillari odamlar ochlikdan uyida turolmasdi, sizlar esa to‘qlikdan, sho‘xlikdan uyingizda o‘tirolmaysiz. Senga maqola kerakmi? Shunga keldingmi? Ol, yoz, odamlarga ayt. Omon qolay desa, hammasi uyida o‘tirsin, qonunni hurmat qilsin, hukumatni hurmat qilsin! Bu balodan xalqni intizom qutqaradi, intizomsizlar emas, hukumat qutqaradi, hukumatparastlar emas!
- Yozaman, bobo, albatta yozaman, aytganingizdek, uyimda o‘tirib yozaman. Nasihatlaringizni hamma o‘qiydi. Sizni sog‘inib kelgandim.
- Sog‘insang, karantindan keyin kel.
- Xo‘p bo‘ladi.
Tamom. Boshqa biror gapga o‘rin qolmadi. Yo‘lga chiqdim. Xuddi, 3-sinfdaligim kabi, o‘sha o‘n yoshli qizaloqdek, maktabda Murtoz bobo bilan uchrashuvda qanday hayajon bilan uyga qaytgan bo‘lsam, hozir ham qalbimda xuddi o‘sha “Vatan uchun!” degan muqaddas bir tuyg‘u bilan oshnoman. Zamonlarning zayli shundayki, endi men otajonimga, onajonimga emas, aksincha, bolalarim, nabiralarim menga savol beradilar.
Ana shunday kayfiyat bilan uyga yetib keldim. Mashinadan tushishim bilanoq atrofimni tol novdasidan kamon yasab olib, zerikkanlaridan hovlimizda urush-urush o‘ynayotgan o‘g‘il, qiz nabiralarim, qurshab olishdi. Hammasining yuzida niqob, qo‘llarida cho‘pnayza, rosa chuldirashdi:
- Ona, Gitlerni o‘ldirgan boboni ko‘rib keldingizmi? Zz-o‘-o‘-o‘-o‘rmi? U kishiniyam yuzida “maska”si bormi?
- Ha, u kishi ham “maska” taqibdi, koronavirusni ana shunday tartibda o‘ldirayapti. Eshitinglar, Murtoz bobolaring aytdi, yaqinda karantin tugaydi. Biz dushmanni yengamiz!
- Ure-ye-ye-ye! - bolalar xursandligidan boqqa tomon yugurishdi. – Biz yengamiz, Murtoz bobo aytdilar, karantin tugaydi! Gitler kaput! Virus kaput!
Men esa, xonamga kirib, niqobimni chiqindi qutiga tashladim, bor imkonim, vujudim bilan bobojonim aytgan topshiriqlarni bajarishga kirishdim.
Oygul MAMATOVA,
O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi.