Oqdaryoda shifokor, Payariqda maktab direktori pora olayotganda ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Oqdaryo tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli tez tibbiy yordam bo‘limining 30 yoshli xodimi tumanning Yangiobod mahallasida yashovchi fuqaroni tibbiyot birlashmasiga hamshira vazifasiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, undan 700 AQSh dollari miqdorida pul mablag‘larini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Payariq tumanidagi maktablarning birida esa maktab direktori lavozimida ishlovchi J.Sh. Boshqo‘rg‘on mahallasida yashovchi fuqaroni ushbu o‘quv dargohining psixologiya fani o‘qituvchisi sifatida ishga olish evaziga 400 AQSh dollari miqdorida pul mablag‘ini talab qilib, avans sifatida 900 ming so‘m pulni olgani ma’lum bo‘ldi. Qolgan 3 million 200 ming so‘m miqdoridagi pulni olayotgan vaqtda daliliy ashyo bilan ushlandi.

Hozirda yuqoridagi shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.