Oqdaryolik yetakchilar DXX kubogi sohibi
Viloyatdagi yoshlar yetakchilari o‘rtasida sportning futzal va stol tennisi turi bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi kubogi uchun viloyat final bosqichi o‘tkazildi.
Musobaqa avvalida DXX viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Ahmedov so‘zga chiqib, mahallalardagi yoshlar yetakchilari o‘rtasida sport musobaqalari va tanlovlarni muntazam tashkil qilish, yetakchilarni yoshlarga o‘rnak qilib ko‘rsatish lozimligini ta’kidladi.
Musobaqada erkaklar futzal, xotin-qizlar stol tennisi bo‘yicha bellashdi.
Futzal bo‘yicha final bahsida Oqdaryo va Jomboy tumani yetakchilari bellashdi. Murosasiz kechgan bahsda oqdaryolik yoshlar 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, DXX kubogini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin jomboylik, uchinchi o‘rin qo‘shrabotlik yoshlar yetakchilariga nasib etdi.
Ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan stol tennisi musobaqasida Samarqand shahridagi Mehnat mahallasi yoshlar yetakchisi Nasiba Istamova mutlaq g‘olib bo‘ldi. Keyingi o‘rinlarni Samarqand shahridagi Mo‘liyonipoyon mahallasi yoshlar yetakchisi Nilufar Murodova, Samarqand tumani Mirishkor mahallasi yoshlar yetakchisi Sabina Ahmedova egalladi.
- G‘alaba qozonish oson bo‘lmadi, - deydi oqdaryolik Dilshod Tursunov. - Yoshlar yetakchilarining sport bilan muntazam shug‘ullanishi hamda ahilligi tufayli ushbu natijaga erishdik. Mahallamiz va tumanimizda o‘zimiz kabi sportga qiziquvchi yoshlar oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. Endi mana shunday musobaqalarda yoshlarimiz bilan birga ishtirok etamiz va bundan-da kattaroq yutuqlarni qo‘lga kiritish uchun harakat qilamiz.
Tadbir so‘ngida musobaqa g‘olib va sovrindorlariga viloyat sektor rahbarlari tomonidan diplom, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi.