Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oqdaryolik taniqli jurnalist Jamol Tursunov yod etildi

Viloyat Matbuot uyida oqdaryolik taniqli jurnalist Jamol Tursunovning hayoti va faoliyati haqida xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirga J.Tursunovning yaqinlari, do‘stlari, hamkasb va shogirdlari taklif etildi.

Tadbirda shoir Farmon Toshev u kishi haqidagi iliq xotiralari, faoliyatidagi qiziqarli voqealarni yodga oldi.   

Hamkasbim, tengdoshim Jamol Tursunovni eslash, u haqidagi tobora tiniqlashib borayotgan xotiralar sandig‘ini titkilash hamisha azobli, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Xosiyat Bobomurodova. – U tirik bo‘lganida bugun 70 yoshni qarshilagan bo‘lardi. Hamisha ochiqko‘ngil va yaxshiliklar orzusida yurgan inson edi. Murakkab davrlarda muxbirlikning zalvorli yukini yelkasiga ortib, qismatini so‘z izlash azobiga ko‘ndirgan edi. Aslida ishxona ham muqaddas oila bo‘larkan. Yillar davomida bu oila a’zolari bir-birlariga xayrixoh, omadlariyu tashvishlarini birgalikda chekadigan insonlarga aylanib ketarkan.

J.Tursunovning kursdosh do‘sti, professor Suyun Karimov birgalikda o‘tgan talabalik yillarini, keyinchalik tahririyatdagi faoliyatini yaxshi xotiralar bilan tilga oldi. 

Jamolning suhbatlari do‘stlarga huzur bag‘ishlab, hazillari davralarga jon kiritardi, - deydi S.Karimov. - U esa borini boshqalardan ayamas, ijodiy bahslarda faol qatnashar, muomalasi bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lardi. J.Tursunov haqiqiy ijodkor edi. O‘ziga xoslik, ravonlik, badiiylik borasida ko‘pchilik hamkasblari undan o‘rnak olishga intilardi. 

Xotira kechasida ishtirok etgan yaqin do‘sti Mardi Ochilovning o‘g‘li Jo‘shqin Ochilov ham bolalikdagi o‘sha damlarni, u kishining uylarida suhbatlarida bo‘lganligini, nasihat berib turganligini esladi.

Shuningdek, kechada jurnalist Abdurasul Sattorov tomonidan tayyorlangan J.Tursunov haqidagi “Bahor yanglig‘ beg‘ubor qalb” kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Dilmurod To‘xtayev.