O‘qituvchi obro‘si — millatning obro‘si: "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi yetakchisi samarqandlik ta’lim sohasi vakillari bilan uchrashdi
Pedagoglarga targ‘ibot-tashviqot ishlari orqali jamiyatni ma’lum nuqtaga yo‘naltiruvchi mayoq deya baho berib, ular bilan hamkorlikda ishlash va haq-huquqlarini mustahkamlash “Adolat” SDPning mushtarak maqsadlaridan biri.
Soha vakillari bilan uchrashuvlar saylovoldi davrda, ayniqsa, qizg‘in olib borilmoqda. Xususan, Samarqand davlat chet tillari institutida partiyaning Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Mahmudova samarqandlik pedagoglar bilan uchrashdi.
Partiya yetakchisi o‘z nutqi avvalida yurtimizdagi har bir pedagog, ta’lim sohasi vakili jonkuyar, fidoyi shaxs ekanini e’tirof etib, ularning o‘z bilim va mahoratini doimiy ravishda oshirishida, haq-huquqlari, ijtimoiy muhofazasini ta’minlashda partiya ularga doimiy yelkadosh bo‘lish uchun harakat qilayotganiga alohida to‘xtaldi.
Shundan so‘ng R.Mahmudova “Adolat” SDPning o‘tgan 5 yillikda ta’lim sohasi, xususan, o‘qituvchilar maqomi va nufuzini oshirish, ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlari” to‘g‘risida ma’ruza qildi.
Ta’kidlanganidek, partiyaning o‘tgan Saylovoldi dasturida ta’lim sohasida muhim o‘zgarishlar va islohotlar uchun bir qator takliflar ilgari surilgandi. Masalan, partiya fraksiyasi tashabbusi bilan o‘qituvchilar huquqiy maqomini yanada ko‘tarish, ularning ish haqi va ijtimoiy mavqeini oshirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha 2024 yil 1 fevralda “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.