O‘qituvchi ta’lim bilan birga tarbiya ham beradi

O‘qituvchilar – jamiyatning eng hurmatga sazovor va muhim kasb egalari hisoblanadi. Ular nafaqat bilim beruvchi, balki yosh avlodning tarbiyasi ma’naviy rivojlanishi va ijtimoiy hayotga tayyorlanishida asosiy rolni o‘ynaydilar.

Har bir insonning hayotida o‘qituvchi katta ahamiyatga ega, chunki ular kelajak avlodni shakllantirishda beqiyos hissa qo‘shadilar.

O‘qituvchilik kasbi sabr, fidoyilik va mehr-muhabbatni talab qiladi. Har bir o‘qituvchi darsni faqat tushunarli va qiziqarli o‘tishi bilan cheklanmay, balki har bir talabaning qobiliyatini aniqlab, uni rivojlantirish yo‘lida ishlaydi. O‘qituvchi nafaqat bilim beradi, balki talabaning fikrlashini shakllantiradigan shaxs hisoblanadi, ularni mustaqil qaror qabul qilishga o‘rgatadi va hayotiy tajriba bilan tanishtiradi. Shu bilan birga ularning tarbiyaviy roli ham katta ahamiyatga ega, chunki har bir o‘qituvchi talabalarda axloqiy qadriyatlar, mehnatsevarlik va jamiyatga foydali bo‘lishni singdiradi.

Bugungi kunda texnologiyalar juda rivojlanib, onlayn ta’lim va elektron resurslar keng qo‘llanilsa-da, o‘qituvchining shaxsiy yondashuvi va samimiy muloqoti hech narsaning o‘rnini bosa olmayapti. O‘qituvchi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, bilimni nafaqat kitobdan, balki hayotiy misollar orqali o‘rganish talaba uchun bebaho tajriba hisoblanadi. Shu sababli o‘qituvchining kasbiy mahorati insoniy fazilati va mehr-muhabbati yosh avlodning shaxs sifatida yetilishi uchun muhim hisoblanadi.

Shuningdek, o‘qituvchilar jamiyatda ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshiruvchi asosiy kuch hisoblanadi. Yaxshi o‘qituvchi nafaqat bilim beradi, balki talabalarda orzu intilish va maqsadni uyg‘otadi. Ular yoshlarning ijtimoiy va ilmiy faoliyatiga qiziqishini oshiradi, ularni yangi g‘oyalar, qiziqishlarga va ijodiy faoliyatga yo‘naltiradi. Shu sababli o‘qituvchilar jamiyatning ma’naviy va intellektual poydevorini yaratishda muhim rol o‘ynaydi.

O‘qituvchilik kasbi mas’uliyat va fidoyilikni talab qiladi. Har bir dars, har bir suhbat, har bir maslahat o‘quvchi, ya’ni biz yoshlarning kelajagi uchun muhim hisoblanadi. Shu sababli o‘qituvchining mehnati, sabr-toqati va mehr-muhabbati hech qachon qadrsiz qolmaydi. Jamiyatning rivojlanishi va insonlarning bilim darajasi ko‘p jihatdan o‘qituvchilarning mehnatiga bog‘liq bo‘ladi.

Roxila Shaymurodova,

Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi.