O‘qituvchiga tarsaki tushirib, haqorat qilgan ayolga nisbatan sudga da’vo arizasi kiritiladi
Kecha ijtimoiy tarmoqlarda maktablardan birida o‘qituvchi o‘quvchining buvisi tomonidan kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilinib, yuziga tarsaki tushirganlik holati aks etgan video tarqaldi.
Xalq ta’limi vazirining nazorat–huquqiy xizmati tomonidan bu holat 15 fevral kuni Kitob tumanidagi 85–umumiy o‘rta ta’lim maktabida yuz berganligi aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, maktabda fan amaliyoti o‘tab, 5-sinfda dars mashg‘ulotlari olib borayotgan Qarshi davlat universitetining tarix fakulteti 4–kurs talabasi Bobonazar Xurramov o‘quvchining tartibsizlikka yo‘l qo‘ygani, uy vazifasini bajarmaganligi bois tanbeh bergan.
Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchining sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazganligi uchun o‘quvchining buvisiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197(5)-moddasiga asosan ma’muriy ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida ariza kiritilayotganini ma’lum qilgan.