O‘qituvchilar uchun psixologik salomatlik kunlari tashkil etiladi
Samarqandda o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi, Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi va “Nova” psixologiya markazi hamkorligida tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limlari psixologik-pedagogik tashxis sho‘’balarining yetakchi mutaxassislari uchun o‘quv-seminarlar tashkil etildi.
Seminarda bugungi kunda maktablarda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘qituvchining o‘z faoliyatiga ijodiy yondashib, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini tatbiq etishida ularga psixologik yordam ko‘rsatish masalalariga e’tibor qaratildi.
Mutaxassislar Bulung‘ur tumani maktablaridagi 3379 o‘qituvchining kasbiy faoliyatga tayyorgarligini aniqlash maqsadida ulardan
rppm.uz ilovasi orqali test oldi. Rppm.uz orqali olingan uch bosqichli test jarayonlari yakuniy xulosasiga ko‘ra, o‘qituvchilarda pedagogik va metodik tayyorgarlik yetarli bo‘lsa-da, ba’zilarida psixologik salbiy omillar innovatsion faoliyatiga va ta’lim sifatiga ta’sir ko‘rsatayotgani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu muammodan kelib chiqqan holda pedagoglar uchun psixologik salomatlik kunlarini tashkil etish, korreksion dasturlar ishlab chiqish, kasbiy stress emotsional so‘nish holatlari profilaktikasi va korreksiyasiga qaratilgan tadbirlar o‘tkazish muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Ushbu tadbirlarni tashkil etish tartibi, e’tibor qaratiladigan muhim jihatlar haqida tavsiyalar berildi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.