O‘qituvchining maqomi oshdi, saviyasi-chi?

O‘qituvchilarning ish haqi 2019 yil 1 yanvardan 1,5 baravar oshdi. Ushbu kasb maqomini oshirish yuzasidan ko‘rilgan choralar natijasida 873 nafar erkak o‘qituvchi maktablarga qaytib, faoliyat yurita boshladi. Olis hududlardagi tumanlardagi maktablar pedagog kadrlarining mehnatini rag‘batlantirish shartlari belgilandi va natijada ularga 50 foizgacha qo‘shimcha oylik ustamalar berilmoqda. Bu o‘z navbatida, 128 nafar o‘qituvchiga bo‘lgan ehtiyojni qoplash imkoniyatini berdi.

Viloyat xalq ta’limi tizimida shu va shunga o‘xshash bir qator ijobiy ko‘rsatkichlar, amalga oshirilayotgan ishlarni sanasangiz, sahifaga sig‘maydi. Ammo shunday bo‘lsa-da, nega tizimda muammolar ko‘p, ularni bartaraf etishda qanday ishlar olib borilmoqda?

Viloyat Matbuot uyida xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov va tizim mas’ullari ishtirokidagi matbuot anjumanida shu kabi savollarga javob izlandi.

- O‘qituvchilar obro‘-e’tiborini, jamiyatdagi mavqeini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni butun jamoatchilik ko‘rib turibdi, deb o‘ylayman, - deydi S.Usmonov. – O‘tgan yillar davomida xalq ta’limi tizimini isloh etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1 ta farmoni, 5 ta qarori va Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori qabul qilindi. Bu hujjatlar tizimda jiddiy islohotlarni boshlab berdi. O‘qituvchilarning majburiy mehnatiga barham berildi, ularning oylik-maoshi sezilarli oshdi va hokazo. O‘qituvchilar tomonidan topshiriladigan hisobotlarga ko‘p vaqt (kuniga 4 soat) ketishining oldini olish maqsadida hisobotlar 7 tadan 3 taga qisqartirildi.



“Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi-2019” respublika ko‘rik-tanlovini viloyat bosqichida 13 ta fan yo‘nalishida 183 nafar o‘qituvchi ishtirok etdi. Respublika bosqichida 12 nafar o‘qituvchi qatnashib yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida Samarqand viloyati respublikada 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Afsuski, bu kabi ijobiy ko‘rsatkichlar bilan birga o‘qituvchilarning barchasi ham bugungi kun talablariga javob bermasligi, hatto dars berish uchun bilim saviyasi yetarli emasligi bor gap. Buning uchun maktablar reytingini tashkil qilish, o‘qituvchilar o‘rtasida bellashuvlar, tanlovlar o‘tkazish kabi bir qator choralarni belgilaganmiz.

Shuningdek, viloyat bo‘yicha 2018-2019 o‘quv yilida 11-sinfni  30316 nafar o‘quvchi bitirib, shundan 2131 nafari, ya’ni 8,3 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Bu ham quvonarli ko‘rsatkich emas.

Anjumanda tizimda olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda maktablar faoliyati bilan bog‘liq voqealarga ham munosabat bildirildi.

Gulruh MO‘MINOVA.