Oqlov hukmi yoki ajrim kimningdir taqdiri, bir oila, jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadi

Afsuski, ijtimoiy kayfiyatga ta’sir etuvchi bu holat yillar davomida deyarli e’tiborsiz qoldirildi. Toki, masala yuqori minbardan aytilmaguncha, jinoyat ishlari bir tomonlama ko‘rib chiqildi.

Oqibatda “... falon narsada gumonlanayotgan ekan, ishi tergovga o‘tibdi”, kimningdir taqdirida shunday holatni eshitganda, birdaniga achinish bilan hamdardlik bildirgansiz. Chunki aksariyat hollarda tergovga tortilgan shaxs borki, aybi “bo‘yniga qo‘yilgan” va tegishlicha javobgarlikka tortilgan. Juda ko‘p hollarda adolat yuzaga chiqishi, gumonlanuvchining aybsizligi isbotlanishiga ishonilmagan...

Masala yuqori minbardan aytilgandi

Mustaqillik yillarida sudlar tomonidan chiqarilgan oqlov hukmlari juda ozchilikni tashkil qilgan. Bu barcha tergov organlari xatosiz va juda sifatli darajada ishlayapti, degan xulosani shubha ostiga qo‘yadi.

Buni Davlatimiz rahbari hali O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlik vaqtidayoq Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining 2016 yil 19 oktyabrda bo‘lib o‘tgan VIII s’yezdidagi ma’ruzasida ta’kidlab o‘tgandi.

Aytish mumkinki, bu masala tadrijiy davom etib kelmoqda. Xususan, “Cudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik bo‘lishi kerak”. Davlatimiz rahbari iqtidorga kirishgan ilk kunlarida mamlakat sud tizimi vakillari, sudyalar oldiga ana shunday talabni qo‘ydi.

2017 yil 13 iyunda sudyalar bilan bo‘lib o‘tgan birinchi tarixiy uchrashuvida so‘zlagan nutqida sud tizimini fuqarolarimizning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qiladigan adolat qo‘rg‘oniga aylantirishdek ustuvor maqsad o‘z ifodjasini topgan.

Aynan shu yili dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham “Sudlarning asosiy vazifasi adolatni qaror toptirishdan iborat. Buning uchun sud har bir ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarishi lozim”, deya ta’kidlagandi.

Huquq asoslar mustahkamlanmoqda

Prezidentimizning siyosiy irodasi o‘laroq, fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini, eng avvalo, jinoiy tajovuzlardan himoya qilishning ishonchli kafolatlarini ta’minlashga, shuningdek, inson sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Muhimi, sud-huquq sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirishga ustuvor e’tibor qaratilishi natijasida sudlar mustaqilligi va odil sudlov sohasida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar qabul qilindi.

Misol uchun, sudga aralashuvlarning oldini olish uchun sudyalarning vakolat muddati uzaytirildi, maoshi keskin oshirildi. Ularni lavozimga tayinlash Sudyalar oliy kengashiga o‘tkazildi.

Bundan tashqari, jinoyat ishini qo‘shimcha tergov yuritish uchun qaytarish instituti bekor qilindi va dalillarga baho berish instituti takomillashtirildi. Bu ish bo‘yicha barcha holatlar sudda har tomonlama tekshirilib, dalillarga xolisona baho berilishi natijasida oqlov hukmlari ko‘payishiga xizmat qilmoqda.

U oddiy hujjat emas

Vaqtincha saqlash hibsxonasimi, jazoni ijro etish muassasasi bo‘ladimi – “kurort” emas. Zotan, hech qanday tazyiqlarsiz ham tutqunlikda bir kun, bir soatning o‘tishi oson emas.

Endi yillab mahkumlikka hukm qilinganlarning rutubatini, o‘y-kechinmalarini  tasavvur qilib ko‘ravering. Lekin bunday taqdirga duch bo‘lganlar noqonuniy qamalgan, aybi maqbul dalillar bilan isbotlanmagan bo‘lsa-chi? Ma’lumki, dastlabki tergovda ayblov ilgari surilgan insonlar har doim ham aybdor emas.

Ana shunday shaxslar keyingi 5-6 yil davomida sud-huquq tizimida amalga oshirilgan islothotlar samarasini, uning yoqimli epkinlarini o‘z tanasida his qilmoqda.

Yana bir holat

Aybi dalillar bilan isbotlanmagan bo‘lsa-da, jinoiy javobgarlikka tortilganlardan yana biri asli qashqadaryolik yigit A.S.

Gumonlanuvchi sifatida qamoqqa olinganida u Samarqand shahar ko‘p tarmoqli oilaviy bolalar poliklinikasida shifokor bo‘lib ishlagan.

Aniqlanishicha, mazkur ish bo‘yicha sudlangan B.N. 2019 yil mart oyi o‘rtalarida bir fuqaroning farzandini A.S. orqali SamDUning jismoniy tarbiya fakultetiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, 4000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2021 yil 26 fevraldagi hukmiga ko‘ra, A.S. oqlangan. Chunki uning pora berish va firibgarlik jinoyatlariga aloqasi bo‘lmagan. Ayblov faqat og‘zaki ko‘rsatmalarga asoslangan, uning aybi dalillar bilan isbotlanmagan.

Aslida bunday misollarni yana keltirish mumkin. Sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar samarasi natijasida nohaq ayblangan ko‘plab fuqarolar yaqinlashib kelayotgan yangi yilni oilasi bag‘rida, yaqinlari davrasida yorug‘ yuz bilan nishonlash imkoniga ega bo‘lmoqda.

So‘ngso‘z o‘rnida

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi yettita ustuvor yo‘nalishdagi 100 ta ustuvor maqsadni o‘zida mujassam etgan bo‘lsa, shundan sud islohotlari bilan bog‘liq bandlar bevosita ikkinchi yo‘nalish doirasida belgilangan.

Demak, tizim faoliyati avvalo, inson taqdiriga, barcha sohalar tartibi va taraqqiyotiga daxldor masala bo‘lgani uchun sudlar mustaqilligini mustahkamlash, ishlarni ko‘rishda xolislik, adolat va qonuniylikni ta’minlash doimo takomillashib boraveradi.

Bu esa sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga, ularning sha’ni hamda qadr-qimmati kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka, shuningdek, sud va tergov organlarining mas’uliyatini yanada kuchaytirishga, aholining huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va sudga bo‘lgan ishonchini oshirish imkonini beradi.

Tolib Boyzoqov,

Samarqand viloyati sudi raisi o‘rinbosari.