Oqsochlik – ayb emas

8 oktyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlash masalasida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Videoselektor yig‘ilishida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ham so‘z olib, o‘zining takliflarini bildirib o‘tdi. Jumladan, jamiyatda aholimizning turmush darajasi va farovonligi oshib borayotgani natijasida “Oqsoch ayollarga talab ortib bormoqda, xotin-qizlarni shu kasbga o‘rgatishimiz kerak” degan taklifi ko‘pchilikda har xil tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirayotgan kishilar avval “oqsoch”lik nima, qanday kasb, mas’uliyati nimalardan iborat ekanligini tushunib yetishlari zarur. Xorijning “Oqsoch xonim” degan mashhur filmi bor, buni barchamiz bilamiz va bir necha bor tomosha qilganmiz. Undagi voqealarni, kasbning mashaqqatli ekanligini, uni har kim ham eplay olmasligini, buning uchun yetarli darajada malaka va tajribaga ega bo‘lishligini ta’kidlashimizning joizi bo‘lmasa kerak.

Dastlab “oqsoch” so‘zining ma’nosini yaxshi bilib olishimiz kerak. Oqsoch – boylar, zodagonlar oilasida yollanib xizmat qiluvchi ayol.

U kimningdir uyida xor-u zor bo‘lib, qilgan ishiga yarasha haqini ololmasdan, xo‘rlanib yuradigan ayol emas, xonadon egasi bilan og‘zaki yoki yozma tarzda kunlik yoki oylik kelishuvga ko‘ra maosh oladigan norasmiy ishchi.

Bugungi kunda barcha kasblarga ehtiyoj bo‘lgani kabi bu kasbga ham jamiyatda ehtiyoj sezilmoqda. Sababi, O‘zbekiston demokratik davlat. Unda er va xotin teng huquqli, bugungi kunda ko‘plab davlat idoralarida ayollarimiz rahbar lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda. Bu jamiyatimizda ayollarimizning munosib o‘ringa ega ekanligidan dalolat. Shunday ekan, oilada er va xotin davlat idorasida, tadbirkorlik yoki boshqa faoliyat bilan shug‘ullanib, uyga vaqtida kelolmasligi barchamizga kundek ravshan. Bunda esa aynan oqsochlik kasbi juda qo‘l keladi.     

Viloyat hokimining “bugungi kunda xorijda ham, o‘zimizda ham uy ishlarini qiluvchi oqsochlik kasbiga talab ortib bormoqda. Samarqand viloyatidan ham juda ko‘pchilik ayollar chet davlatlarda, xususan, Turkiyada uy ishlarini bajarishadi. O‘zimizda ham aholi iqtisodiy imkoniyatlari oshgan sari bu kasb egalariga bo‘lgan talab ortaveradi. Ammo bunday ayollarni tayyorlaydigan markazlar yo‘q. Ana shunday markazlarni ochishni taklif qilaman” degan fikrini qo‘llab-quvvatlayman.

Oqsoch – malakali mutaxassis sifatida, eng avvalo, hurmatga, o‘z manfaatlari nuqtai-nazaridan daromad manbaiga va qonuniy himoyaga ega bo‘ladi.

Sherali Temirov,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.