O‘quv daftarimi yoki yozuv daftari?

Hozir kitob-daftar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning ishi avjida. Istagan do‘konga kirib, turli-tuman muqovadagi va sifatdagi daftarlarni xarid qilish mumkin. Daftarlar muqovalarini ko‘rib ham quvonasiz, ham turli savollarga duch bo‘lasiz. Taniqli futbolchi Ronaldodan tortib, xalq artistigacha bo‘lgan shaxslarning suratlari aks etgan muqovali daftarlar turini sanab oxiriga yetolmaysiz.

 Aslida 2014 yilda mamlakatimizda daftarlarga nisbatan O‘zbekiston Davlat standarti (2851-sonli) o‘rnatilgan. Ammo, shu ammosi bor-da...

Nimagadir daftarlarga  O‘quv daftari”, deb nom berilgan. Odatda, yangi daftarning varaqlari top-toza bo‘lib, ularda o‘qiydigan biron-bir material bo‘lmaydi! Shunday ekan nega daftar “O‘quv daftari”, deb nomlanadi. Buning o‘rniga “Yozuv daftari” deb atalsa, to‘g‘ri bo‘lmaydimi?! Yoki rus tilidagi  “Uchenicheskaya tetrad iborasini aynan tarjima qilib, “O‘quvchi daftari”, degan atamani yozib qo‘ysa bo‘lardi-ku!

Keyingi paytda istagan tadbirkor daftar ishlab chiqarishga harakat qilmoqda. Qonun talablariga muvofiq daftar ishlab chiqaruvchi (boshqa har qanday istemol molini ham) unda o‘zining yuridik nomi, joylashgan manzili va boshqa dalillarni ko‘rsatishi shart. ”O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi o‘zi ishlab chiqarayotgan daftar mahsulotlarida bu talablarga to‘lasincha amal qilib kelayapti. Biroq, qator ishlab chiqaruvchilar davlat standarti talabiga itoat etmayapti. Xususan, muqovasida buyuk ajdodlarimiz Abu Ali Ibn Sino, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur suratlari aks etgan daftarlarda “Ozbekistonda ishlab chiqarilgan”, degan yozuvdan boshqa biron-bir ma’lumot yo‘q.

So‘nggi paytda ishlab chiqaruvchilar tomonidan daftar muqovasida tarixiy shaxslar va adabiyot, sanat namoyondalarining suratlarini aks ettirish an’ana tusini oldi. Bu yaxshi, albatta. Daftar muqovasidagi suratlar va bitiklar (sherlar, maqollar) hamda rasmda ifodalangan buyuk shaxslar hayoti va faoliyati to‘g‘risidagi materiallarning mavjudligi o‘quvchi manaviy dunyoqarashini shakllantirishdagi ahamiyati beqiyos.

Ammo, ayrim nomi qayd etilmagan tadbirkorlik shakllari ishlab chiqarayotgan daftarlarda juda jiddiy g‘alizliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Masalan, qonun talablariga amal qilinmasdan chop etilgan 12 varaqlik ona tili (yo‘l-yo‘l chiziqli) daftarining muqovasida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning surati berilib, uning ismi-familiyasi, tug‘ilgan va vafot etgan yillari ko‘rsatilgan. Orqa muqovada Abdulla Oripov “Atoqli o‘zbek shoiri va jamoat arbobi. U hozirgi o‘zbek sheriyatida inson qalbidagi murakkabliklar va ziddiyatlarni teran, haqqoniy o‘ziga xos betakror kuylagan ulkan ijodkordir”...kabi fikrlar bayon etilgan-u, lekin Abdulla Oripovning O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, Alisher Navoiy nomidagi davlat mukofotining sovrindori, qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining muallifi ekanligi to‘g‘risida lom-lim deyilmagan.

Meningcha, agar daftar muqovasida surati aks etgan buyuk ajdodlarimiz hayoti va ijodi haqida to‘laqonli ma’lumot berilmasa, bunday suratlarning o‘zini ham qo‘ymaslik kerak!

Ushbu masalaga, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining mutasaddilari ham etibor qaratishlari lozim.

“Abdumalikov” xususiy korxonasida ishlab chiqarilgan daftar muqovasida mustaqilligimizning ramzi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i ifodalanib, uning ustida Mirzo Ulug‘bek surati aks ettirilgan.

Bu holat qanday ma’noni anglatadi, degan savol o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi. Yana bir fikr tug‘iladi. Axir “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun bilan Davlat bayrog‘idan foydalanish tartibi qatiy belgilab qo‘yilgan-ku! Nega tadbirkorlar Davlat bayrog‘idan istagan shaklda foydalanib kelmoqda?

Shu daftar muqovasida O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi ham ifodalangan bo‘lib, o‘quvchi o‘zining qaysi maktabda, sinfda tahsil olishi va ismi-familiyasini daftar muqovasining aynan Davlat gerbi aks etgan joyida yozishi lozim. Endi tasavvur etaylik: davlatimizning muqaddas ramzi bo‘lgan gerb tasviri ustiga bir necha qator bitik yozib tashlansa...Davlat ramzi uchun bundan ortiq haqorat bo‘lmasa kerak.

Xullas, daftar masalasi juda jiddiy bo‘lib, u o‘quvchilar ma’naviy dunyoqarashini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishidan kelib chiqib, davlat standarti bo‘yicha unga “o‘quv daftari”, deb qo‘yilgan atamani ham, muqovasida suratlari aks ettirilayotgan buyuk ajdodlarimiz hayoti va ijodiga oid berilgan ma’lumotlarning haqqoniyligi hamda to‘liqligini ham O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasidan tortib Xalq ta’limi vazirligigacha, Davlat standarti agentligigacha bo‘lgan mutasaddi tashkilotlar qayta ko‘rib chiqsa, yosh avlod tarbiyasini takomillashtirishga qo‘shilgan keng mohiyatli ish bo‘lar edi.

Yo‘ldosh Suyunov,

Mehnat faxriysi, huquqshunos.