O‘quvchining uy daftari: u bizga nima beradi?

Bugun ota-onalar tomonidan farzand tarbiyasida yana ham yaxshiroq natijaga erishish mumkinligi haqida savollar tushmoqda. Shu o‘rinda men pedagog, deputat, qolaversa, ona sifatida ayrim mulohaza va takliflarimni bildirmoqchiman.

Ta’lim-tarbiya jarayonida farzand uchun muhim bo‘lgan jihatlar borki, buni hayotda qo‘llash yaxshi samara beradi. Masalan, o‘quvchi maktabda dars jadvali asosida darsda qatnashadi. Maktabda uning vaqti behuda ketmaydi. Dars, to‘garak, tadbir, tanaffus – hammasi jadvalga solingan. Shuning uchun ham o‘quvchi maktabda bekor qolmaydi. Agar ota-onalar uyda ham bolalariga vaqt taqsimotida ana shunday jadval tuzishsa, bir qancha yutuqlarga erishsa bo‘ladi. Birinchidan, bola vaqtni qadrlashga o‘rganadi. Ikkinchidan, bajarishi kerak bo‘lgan ishlariga vaqtida ulguradi. Bundan tashqari, zimmasidagi vazifalar tufayli jismoniy va ruhiy zo‘riqishlarning oldi olinadi. Har daqiqasi ma’lum maqsadga qaratilgan, aniqrog‘i, bo‘sh vaqti bo‘lmagan bolaning har xil virtual o‘yinlarga, behuda ko‘cha kezishga imkoni qolmaydi. Bu esa bugungi kunning dolzarb muammosiga aylangan farzand tarbiyasida juda asqotadi.

Xo‘sh, uy jadvalini qanday tuzsa bo‘ladi? Qog‘ozga jadval chizilib, hafta kunlari bo‘lib chiqiladi. Kunlarini soatlarga bo‘lib, maktabdagi vaqtidan tashqari qilishi kerak bo‘lgan ishlarni yozish kerak. Odatda, boshlang‘ich sinfda sinf rahbarlari tomonidan bu ko‘nikma o‘rgatiladi. Ammo hamma o‘quvchi ham buni o‘zlashtirmaydi. Shuning uchun ota-ona uyda farzandi bilan yaqin bo‘lsa va uy jadvali tuzishga yordam bersa, bu usul yaxshi samara beradi. Ushbu jadvalda quyidagilarni:

- uyqudan turish va yuvinishdan boshlab, ertalabki badantarbiya, ovqatlanish va maktabga borish, to‘garak mashg‘ulotlarida qatnashish, uy ishlariga yordamlashish, sport bilan va sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullanish, dam olish, dars tayyorlash, oila davrasida suhbatgacha kiritilishi kerak.

Yangi o‘quv yili boshlanishiga ham oz fursat qoldi. Uch oy ta’tilni o‘yin va uy ishlari bilan o‘tkazgan bolalarga vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va undan unumli foydalanish o‘rgatilsa, ulardan, albatta, buyuk insonlar yetishib chiqadi.

Feruza TOG‘AYEVA.