O‘rindoshlik asosida qaysi kasb egalari ishlashlari mumkin?

Vazirlar Mahkamasining 2012 yil  18 oktyabrdagi 297-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 2-bandiga asosan  “o‘rindoshlik asosida ishlash — xodimning o‘zining asosiy ishini bajarishidan tashqari asosiy ishidan bo‘sh vaqtida mehnat shartnomasi asosida boshqa haq to‘lanadigan ishni bajarishi” deb belgilangan.

Ushbu Nizomning 4-bandiga asosan quyidagilarga o‘rindoshlik asosida ishlashi taqiqlanadi:

- o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar;

- agar o‘rindoshlik asosida ishlovchining asosiy ishi mehnatning noqulay shart-sharoitlari bilan bog‘liq bo‘lsa, shunday shart-sharoitdagi ishlarda ishlash (sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotlari xodimlari bundan mustasno);

- avtomobil tashuvlari xavfsizligini ta’minlash xizmatining ishchisi (mutaxassisi) sifatida;

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi apparati xodimlari (texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari), davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari va tarkibiy bo‘linmalar boshliqlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;

- viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari; bir-biriga bo‘ysunuvchi yoki bir-birining nazoratidagi tashkilotlarda davlat boshqaruvi organlari mutaxassislari - sog‘liqni saqlashni boshqarish organlarida band bo‘lgan vrachlar va ta’limni boshqarish organlarida band bo‘lgan o‘qituvchilar bundan mustasno;

- qonun hujjatlariga muvofiq o‘rindoshlik asosida ishlashi taqiqlangan boshqa shaxslar (xodimlar).

O‘rindoshlik asosida ishlashda o‘rindoshlik asosida ishlashning davomiyligi xodimlarning ushbu toifasi uchun belgilangan ish vaqti normasining yarmidan ortiq bo‘lishi mumkin emas (sog‘liqni saqlash tizimi vrach xodimlari bundan mustasno). Xodim asosiy ish joyidagi mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod bo‘lgan kunlarda u o‘rindoshlik asosida to‘liq ish kunida ishlashi mumkin.

Yuqoridagi Nizomga ilova sifatida o‘rindoshlik asosida ishlash hisoblanmaydigan ishlar ro‘yxati keltirilgan. Ular quyidagilar:

1.Ilmiy faoliyatni yoki o‘qituvchilik faoliyatini amalga oshirish, agar bunday faoliyat asosiy ish joyi bo‘yicha bajariladigan ish hisoblanmasa.

2.Ular uchun mualliflik gonorari sifatida haq to‘lanadigan fan, adabiyot va san’at asarlari yaratish.

3.Xodim tomonidan, asosiy ishdan tashqari, o‘sha tashkilotning o‘zida shtat lavozimini egallamasdan boshqa ishni bajarish, shu jumladan:

umumta’lim maktablari o‘qituvchilari hamda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o‘qituvchilari tomonidan kabinetlarga, laboratoriyalarga mudirlik qilish bo‘yicha vazifalarni bajarish, to‘garaklarga rahbarlik qilish, shuningdek ular tomonidan belgilangan yuklamadan ortiq o‘quv-tarbiyaviy ishlarni bajarish;

ishning ushbu turi bo‘yicha ish vaqti normal davom etishining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan hajmda mehnatga soatbay haq to‘lanadigan pedagogik ish;

ta’lim muassasalari rahbarlarining o‘qituvchi lavozimi bo‘yicha yillik ish rejasida (ish vaqti normasi bilan) nazarda tutilgan jami ish vaqtining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan hajmda o‘qituvchilik ishi;

tashkilotlar muhandis-texnik xodimlarining talabalar va o‘quvchilarning ishlab chiqarish ta’limi va amaliyotiga rahbarlik qilish bo‘yicha ishi;

tibbiyot xodimlarining belgilangan vaqt normasidan ortiqcha navbatchilik qilishi;

Hukumat qarorlari bilan xodimning ish haqiga ustamalar belgilangan vazifalarni bajarish.

4.Mualliflik gonorari shaklida haq to‘lanadigan adabiy ish, shu jumladan alohida asarlarni tahrir, tarjima qilish va ularga taqriz yozish bo‘yicha ishlar.

5.Mehnatga bir marta haq to‘langan holda texnik, tibbiy, buxgalteriya, huquqiy va boshqa ekspertiza (maslahat berish).

6.Umumta’lim maktablari, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari, maktabdan tashqari ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va boshqa pedagog xodimlari (rahbarlaridan tashqari) o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari hamda mehnat haqi to‘lash bo‘yicha ularga tenglashtirilgan boshqa ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari va masterlari, ta’lim muassasalaridagi konsertmeysterlar va akkompaniatorlar, maktabgacha ta’lim muassasalari va «Mehribonlik» uylari pedagog xodimlarining (rahbarlaridan tashqari) aynan shu muassasada belgilangan mehnat normasidan ortiq bo‘lgan, lekin ushbu ish turi bo‘yicha ish vaqti normal davomiyligining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan ishi.

7.Sog‘liqni saqlash muassasalarida oyiga 24 soatdan ortiq bo‘lmagan hajmda, mehnatga bir marta yoki soatbay haq to‘langan holda, tibbiyot maslahatchilari vazifalarini bajarish.

8.Ilmiy-tadqiqot muassasalarida va oliy ta’lim muassasalarida ushbu ta’lim muassasalari shtatida turmagan ilmiy xodimlar tomonidan katta ilmiy xodimlarga — izlanuvchilarga rahbarlik qilish.

9.Xodim tomonidan siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari va jamoat birlashmalari markaziy va hududiy organlarining saylab qo‘yiladigan lavozimlarida rahbar xodim, Kuzatuvchi kengash yoki Direktorlar (boshqaruvchilar) kengashi raisi yoki a’zosi, mahsulot taqsimotiga oid bitim doirasida qo‘mitani boshqaruvchi, ishonchli boshqaruvchi sifatida bajariladigan ish.

10. Jamoatchilik asosida bajariladigan ishlar.

Yuqoridagi Nizomda qayd etilgan cheklovlarga amal qilgan holda har qanday kasb egasiga o‘rindoshlik asosida ishlashiga yo‘l qo‘yiladi.

O‘ktam Kamilov,

huquqshunos.