Ortiqcha olingan 125,1 million so‘m mablag‘ iste’molchiga qaytarildi
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining sohaga oid qarorlariga asosan “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan paxta shrotining 2018 yil yanvar-oktyabr oylarida birja savdolariga qo‘yilishi yuzasidan tahlil o‘tkazildi.
Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 4 martdagi qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga asosan monopol mahsulotlarni birja savdolariga, boshlang‘ich narxda qo‘yish qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan narx darajasida amalga oshirilishi ko‘rsatilgan. Adliya vazirligida 2008 yil 18 noyabrda ro‘yxatdan o‘tgan “O‘zbekiston Respublikasi tovar xomashyo birjasi birja savdolarida paxta shroti (kunjarasi) va paxta chigiti sheluxasini sotish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan birja savdolariga chiqariladigan mahsulotning boshlang‘ich narxi sotuvchi tomonidan deklaratsiyalanadigan narx darajasida belgilanishi keltirilgan.
Moliya vazirligining 2017 yil 1 iyuldagi narx kelishuviga asosan paxta shrotining 1 tonnasi uchun 976,8 ming so‘m narx belgilangan. Biroq, “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qadoqlangan paxta shroti 2018 yil yanvar-may oylarida birja savdolariga boshlang‘ich narx asossiz ravishda 50,9 ming so‘m ortiqcha belgilanib, 1 tonna mahsulot 1027,7 ming so‘mdan sotilganligi aniqlandi. Jamiyat 2018 yilning yanvar-may oylarida jami 2458 tonna qadoqlangan paxta shrotini sotgan va har tonnasini belgilangan narxdan 50 ming 900 so‘m qimmat narxda sotishi oqibatida jami 125,1 million so‘m ortiqcha daromad olgan hamda qonunbuzilish holati sodir etgan.
Hududiy boshqarma maxsus komissiyasining ajrimi bilan “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” aksiyadorlik jamiyatiga nisbatan Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 28 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Nizom talabi buzilganlik holati bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi. Maxsus komissiyaning joriy yil 2 avgustdagi ko‘rsatmasiga asosan jamiyat ortiqcha olgan 125,1 million so‘m mablag‘ iste’molchilar bilan to‘liq qayta hisob-kitob qilindi.
Shovqiddin SAYIMOV,
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.