“Redmi Note 10”ning puli iste’molchiga qaytarildi
Past Darg‘om tumani Juma shahrida yashovchi Azamat Xolbekov “Shahodat” iste’molchilar huquqlarini himoya qilish uyushmasi nodavlat notijorat tashkilotiga ariza bilan murojaat qildi.
Unda bayon etilishicha, fuqaro joriy yil 25 oktyabr kuni Samarqand shahri Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi “RAYIM-SHOP” MChJga qarashli savdo do‘konidan “Redmi Note 10” rusumli telefon apparati sotib olgan. Ammo ishlatish jarayonida telefon nosoz ekanligi ma’lum bo‘ladi. Ertasi kuni uni qaytarib olib kelib, shu markali boshqa telefonga almashtirib berishni so‘raydi. Sotuvchi bunday telefon hozir yo‘qligini, uch kundan so‘ng olib kelishini aytadi, ammo iste’molchi kelishilgan vaqtda kelsa, hali olib kelmaganligini aytib, uni bir necha marta sarson qiladi.
“Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 14- moddasida “Nuqsonli tovarni almashtirib berish tartibi”da iste’molchi talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kunda almashtirib berish shartligi ko‘rsatilgan. Bu holatda esa uch oy vaqt o‘tsa ham telefon almashtirib berilmaydi.
Fuqaro arizasiga asosan holat mutaxassis tomonidan o‘rganilib, “Redmi Note 10” rusumli telefon uchun olingan mablag‘ to‘liq qaytarib berildi.
Uchqun Amirov,
“Shahodat” iste’molchilar
huquqlarini himoya qilish uyushmasi nodavlat notijorat tashkiloti direktori.