Ortiqcha to‘lov qaytariladi
Soliqdan ortiqcha to‘lov qilib qo‘yganman. Soliq organi bu summani boshqa soliq qarzlarimni qoplashga avtomatik tarzda o‘zi hisobga oladimi yoki ariza yozishim kerakmi?
Sanobar Murodova.
- Agar sizda biror soliq bo‘yicha ortiqcha to‘lov aniqlansa (masalan, noto‘g‘ri hisob-kitob, texnik xatolik yoki boshqa sabablarga ko‘ra), soliq organi bu holatni o‘zi mustaqil ravishda aniqlashi bilan, agar soliq qarzingiz mavjud bo‘lsa, ushbu ortiqcha summani sizning soliq qarzingizni qoplashga avtomatik ravishda o‘tkazishi mumkin.
Bunda soliq organi tomonidan 10 kun ichida qaror qabul qilinadi.
Bu ish sizdan alohida ariza talab qilmasdan amalga oshirilishi mumkin.
Ammo siz soliq organi bu ortiqcha to‘lovni o‘z vaqtida aniqlamadi, deb hisoblasangiz yoki o‘z xohishingiz bilan uni boshqa maqsadga (masalan, keyingi oy uchun avans, boshqa turdagi soliq qarzini yopish va h.k.) yo‘naltirmoqchi bo‘lsangiz, unda siz yozma ariza topshirishingiz mumkin.
Ariza olingan kundan boshlab 10 kun ichida soliq organi qaror chiqaradi.
Savolga viloyat soliq boshqarmasi davlat soliq bosh inspektori Bekzod Saliyev javob berdi.