Ortoped: “Beshik sonning tug‘ma chiqishi kasalligini rivojlantiradi”

Kasallik o‘g‘il bolalarga qaraganda qiz bolalarda ko‘p uchraydi. Buning sababi, qiz bola organizmida to‘qimalar elastikligini oshiradigan garmonning ko‘pligidir. Qiz bolaning to‘qimalari o‘g‘il bolalar to‘qimasiga qaraganda cho‘ziluvchan bo‘ladi.

Rivojlangan davlatlarda ham bolalar bu kasallik bilan tug‘iladi. Biroq profilaktik ishlar natijasida kasallik erta aniqlanadi va bola davolanadi. Bizda profilaktik ishlarning yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, qolaversa, tibbiyot xodimlari bergan tavsiyalarga amal qilmaslik va tibbiy madaniyatning yetishmasligi xastalikning ko‘payishiga olib kelmoqda. 

Agar biz chanoq son bo‘g‘imi uchun qulay bo‘lgan holat – oyoqlarni keng saqlasak, bolaning oyoqlarini majburan bostirmasak, uch-to‘rt oy ichida chanoq-son bo‘g‘imining me’yorda rivojlanishiga erishishimiz mumkin. Ammo bizda chaqaloqlarni beshikka oyoqlarini majburan to‘g‘rilab, jipslashtirib bog‘lashadi. Bu o‘z navbatida kasallikning rivojlanishiga turtki bo‘ladi. 

Bolalarda son tug‘ma chiqishining oldini olish yoki barvaqt davolash uchun tug‘ilgan chaqaloq tug‘ruqxonada neonatolog yoki tug‘ruqxonaga biriktirilgan ortoped ko‘rigidan o‘tishi kerak. Har bir onaga ortopedik tartib, ya’ni bolaning oyoqlarini erkin saqlash, majburlab oyoqlarini yozmaslik, bir-biriga jipslab, yo‘rgaklamaslik va oyoqlariga bostirmaslik tushuntirilishi lozim. Chaqaloq bir yoshgacha besh marta ortoped ko‘rigidan o‘tsa, maqsadga muvofiq. Ya’ni, tug‘ruqxonada, bir oyligida, uch oyligida, olti oyligida va bir yoshga kirganda. 

Aholining, ayniqsa, yosh onalarning tibbiy madaniyatini oshirishga erishsak, har qanday kasallik profilaktikasi yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, kasalliklardan kelib chiqadigan asoratlar keskin kamayadi. Xususan, ushbu holatda jarrohlik yo‘li bilan davolashga zarurat qolmaydi va kasallik tufayli kelib chiqadigan nogironliklarning oldi olinadi.

Shuhrat QAYuMOV,
viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi ortopediya bo‘limi mudiri.