Orzulardan voz kechishga majburlash zulmdir

Turmush qurish — inson hayotidagi eng muhim va ta’sirli qarorlardan biri. Bu qaror orqali kimdir baxtini topishni, kimdir esa hayotda o‘zidan ezgu iz qoldirishni orzu qiladi. Ammo oila qurish - cheklovlar o‘rnatish yoki kimningdir erkinligini tortish uchun emas. Turmush, avvalo, o‘zaro hurmat, ishonch va tushunish asosida qurilishi lozim.

Har bir inson o‘z qilmishlari uchun shaxsan o‘zi javob beradi. Bu mas’uliyatni boshqalar zimmasiga yuklash insofdan emas.

Afsuski, ba’zi erkaklar turmush o‘rtog‘iga nisbatan nazoratchi kabi muomala qilishni o‘zlariga xos fazilat deb bilishadi.

“Buni kiyma”, “U yerga borma”, “Bu dugonang bilan uchrashma” kabi taqiqlar ayolning erkinligini cheklab qo‘yadi. Har bir ayol ham bunday munosabatni qabul qilmaydi.

Kimdir qafasda katta bo‘lgan, bosh egishga o‘rgatilgan bo‘lishi mumkin. Ammo ishonch bilan, erkin tarbiyalangan, o‘z qadrini bilgan ayol — bunaqa cheklovlarga hech qachon ko‘nikib yashay olmaydi. Agar erkak o‘z qoidalarini ustun qo‘yib yashamoqchi bo‘lsa, unga o‘zi kabi muhitda tarbiya topgan, erkinlikka ehtiyoj sezmaydigan ayolgina to‘g‘ri keladi. Aks holda, bunday munosabat — ajrim, vayron oila va yetim farzandlarga sabab bo‘ladi.

“O‘qimaysan” degan so‘zlarni osongina aytadiganlar ko‘p. Ammo bitta qiz o‘qishga kirishi uchun qancha mehnat qilishi, necha bor tonggacha bedor qolishi, necha marotaba tushkunlikka tushib, yana orzu bilan qaytib turishi — buni faqat o‘zi biladi. Bundan tashqari, bu yo‘lda ota-onaning qancha mehnati, mablag‘i va duosi bor.

Shunday bir paytda: “O‘qimaysan, senga kerak emas” deb orzularni sindirish, bu nafaqat qizning, balki uni orzu va mehnat bilan katta qilgan ota-onasining qalbini sindirishdir. Ayol inson uchun o‘zini to‘liq oilaga bag‘ishlash, agar bu uning istagi bo‘lsa, u holda bu fidokorlikdir. Lekin orzularidan voz kechishga majburlash, bu - zulmdir.

Shuningdek, erkak agar turmush qurmoqchi bo‘lsa, to‘ydan avval kimligini, hayotga, ayolga va oilaga munosabatini ochiq ko‘rsatishi kerak. Hamma gapga “yaxshi”, “bo‘ladi” deb yuradigan erkak - keyinchalik butunlay boshqa qiyofada namoyon bo‘lmasligi kerak. Qizni “o‘qiysan, seni qo‘llayman” deb uyiga olib kelib, keyin nayranglarini, asl niyatini ko‘rsatsa, bu - xiyonatdir. Va’da - mas’uliyat. Agar va’da bergan bo‘lsa, uni bajarish kerak.

Ayol kishini urish qabul qilib bo‘lmaydigan xato. U qanday qilmish sodir etgan bo‘lsa ham, unga qo‘l ko‘tarish uchun hech qanday bahona yo‘q.

“Gapimga kirmadi, urdim”, degan erkaklar bor. Ular o‘zini to‘g‘ri deb hisoblaydi. Lekin u — inson. Siz kabi teng huquqqa ega, hissiyotli, aqlli, qadrli inson.

Mayli, diniy nuqtai nazarda u sizdan bir pog‘ona pastda tursin. Lekin biz dunyoviy davlatda yashayapmiz. Bu yurtda qonun ham, jamiyat ham, insonlik ham ayolga nisbatan zo‘ravonlikni aslo oqlamaydi.

Oila — bu ikki insonning o‘zaro ishonch, hurmat va muhabbatga asoslangan sherikligi. Bu maskanda cheklovlar, tahdidlar, zo‘ravonlik yoki orzularni sindirishga o‘rin bo‘lmasligi kerak.

Har bir inson o‘z baxtini tanlash, o‘z hayotini qurish va orzulari sari intilish huquqiga ega.

Oila - bu huquqlar saqlanadigan, qo‘llab-quvvatlanadigan muqaddas maskan bo‘lsin!

Ehtimol, men hali yoshdirman oila masalasiga doir ma’lum xulosalar chiqarishga. Lekin aksar tengdoshlarim, yoshlarning fikrlari shunday ekanligiga guvoh bo‘lganman. Menimcha, bugun oila institutlari faqat yoshlarga oila qanday bo‘lishi kerak, deya eskicha fikrlarni uqtirmasdan, yoshlarning bu boradagi fikrlari bilan ham qiziqib ko‘rishlari kerak.

Aziza Muhiddinova.