“Oshiq Ota” kim bo‘lgan?

Past Darg‘om tumani Go‘zalkent shaharchasi hududida, Zarafshon (Qoradaryo) daryosining janub qirg‘og‘ida “Oshiq Ota” ziyoratgohi bor. U xuddi shu nom bilan atalgan mahallada joylashgan. Bu yerda “Oshiq Ota” avliyo maqbarasi ham barpo etilgan.
Maqbara atrofida o‘z davrining aziz ulamolari bo‘lgan zotlar - Abu Mu’in Shayx (tavallud vaqti ma’lum emas, vafoti 1112 hijriy yil), Amir Haydar Ibn Amir Muhammad Xurosoniy (vafoti hijriy 958 yil) ning ham qabri, o‘z davrida “Mo‘minlar shayxi” maqomida bo‘lgan Shayx Abdul Karim (vafoti hijriy 1017 yil) kabi bir necha ulug‘ allomaning qabr toshlari bor.
Maqbara sohibi haqida Samarqand davlat muzeyi qo‘riqxonasi qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan “Samarqand avliyolari qabri” qo‘lyozma ro‘yxatida qayd etilgan va bu zot “Oshiq Atoyi” nomi bilan mashxur ekanligi aytilgan. Mavlono Oshiq Ota aslida o‘z zamonasining tasavvuf olimlaridan biri bo‘lgan. «Oshiq Ota»ning asli ismi mavlono Mir Ne’matulloh Oshiq deb qayd etilgan. Shuningdek, ushbu hujjatlarda mavlono Mir Ne’matulloh Oshiq Ota ziyoratgohiga tegishli yerlarning vaqfi to‘g‘risidagi hujjatlardan qimmatli ma’lumotlar olish mumkin.
Hazrati mavlono Mir Ne’matulloh Oshiq Ota asli kim bo‘lgan, kasbi nima, qayerda, qachon tug‘ilgan, degan savollar biroz o‘ylantirsa-da, ammo bu yerning ziyoratiga bir kelib ketilsa, kishi ko‘ngli ravshan topib, qalbida ilohiy bir sokinlik paydo bo‘ladi.
Bu tabaruk zot haqida ajoyib ta’riflar ham aytilgan: “Hazrati mavlono Ne’matulloh Oshiq Ota ta’lim-tarbiya rivojida, ustozlar xizmatida, shogirdlar kamoloti negizida, yillar davomida nur sochib, Yaratganning ishqidagi majzubligi oqibatida murshid va muridlar nigohiyu ta’birida «Mavlono Oshiq Ota» nisbatini oldilar. Bu zotni ismiga Oshiq Ota nomini qo‘shib aytilishiga sabab shuki, Allohni xaqiqiy oshiqlaridan bo‘lganligiga nisbat berilgan. Ota nomini qo‘shilishiga esa butun musulmon olamiga ma’naviy ota hisoblangan. Jumladan, tarixdan ma’lum bo‘lishicha, Allohning payg‘ambarlari va avliyo bandalari boshqa barcha insonlarga ma’naviy jihatdan ota hisoblangan. Hazrati mavlono Mir Ne’matulloh Oshiq Ota ulug‘ avliyolardan bo‘lib, ko‘plab karomat sohibi bo‘lgan. O‘z zamonasida qattiq dardga chalingan insonlar bu zotning duolari sabab Allohning izni bilan shifo topganlar.
Mana bir necha yildirki, Hazrati mavlono Mir Ne’matulloh Oshiq Otaning qabrlari ustida qad ko‘targan maqbara poyi qadamiga odamlar kelib, ziyorat qilib, ruhiy sokinlik va ma’naviy ozuqa olib kelishmoqda”.
Hazrati mavlono Mir Ne’matulloh Oshiq Ota o‘z faoliyati davomida ijod bilan ham shug‘ullangan, uning yetuk she’riyatdan oliy maqomot sohibi bo‘lganligi, hatto “Devon” tuzganligi haqida ma’lumotlar bor. Mazkur devon “Devoni oshiq” nomi bilan Toshkent davlat sharqshunoslik institutining muzey fondida saqlanmoqda.
Xo‘sh, biz nima uchun o‘tmishda o‘tgan aziz avliyolarimizni qabrlarini ziyorat qilib kelamiz?
Bu savolga quyidagicha fikrlar keltirilgan: «Alloh taolo o‘z kalomi bo‘lmish Qur’oni Karimda “Allohning yo‘lida qatil bo‘lganlarni o‘liklar deb hisoblamanglar, balki ular tirik, Robbilari huzurida rizqlanmoqdalar” ("Oli Imron" surasi, 169-oyati) deb marhamat qilingan. Mutaaxxirin ulamolarning ta’rifida shunday deyilgan: “Qilich qinidan chiqqanda, uning keskirligi kuchli bo‘lganidek, avliyolarning ruhi tanasidan chiqqach, ularning ruhi ham shu qilich kabi o‘tkir bo‘lur, “Ogoh bo‘lingkim, Allohning do‘stlariga xavf yo‘qdir va ular xafa ham bo‘lmaslar. Ular iymon keltirganlar va taqvo qilgandirlar. Ularga dunyoda ham, oxiratda ham xushxabar bor” ("Yunus" surasi, 62-63-oyatlar).
Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo salollohu alayhi vasallamning hadislarida “Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir” deyilgan. Shu sabab aziz avliyolar va olimlarning dunyodan o‘tgandan so‘ng ham hurmati joyiga qo‘yilishi shart, deb qaraladi. Bizning musulmon diyorlarda aziz-u avliyolar va olimlarga maqbara barpo qilish shu sababli joriy qilingan.
Xullas, bugungi kunda ham Hazrati mavlono Mir Ne’matulloh Oshiq Ota hurmatini joyiga qo‘yib, ixlos bilan kelib ziyorat qilgan kishi, albatta, ul aziz avliyoning ba’zi karomatlarini biladi.
Darvoqe, bu zotning maqbarasi yonida Sugal ota qabri bor, bir tomonidagisini esa Chilla ota qabri deyishadi. Ziyoratgoh sohiblariga nisbatan aytilishicha, bu qabrlardagi zotlarning nomlarini Sugal ota va Chilla ota deb atalishining sababi bor emish. Zero, bu zotlarning ziyoratiga ixlos bilan kelib, xoki-poklarini niyat bilan qo‘llariga surtganda sugallari to‘kilgan va chashma suvida yuvinganda chilla kasalliklaridan shifo topishgan hamda o‘sha suvdan iste’mol qilganda ko‘k yo‘taldan qutulgan ekanlar. Ammo aholi «Bu kabi shifoli hodisalar aslida Hazrati mavlono Mir Ne’matulloh Oshiq Otaga Alloh in’om qilgan karomatlardandir», deyishadi.
Usmon Sanaqulov,
SamDU professori.