“Turon”da aktyorlik, “Iqtidor”da sozandalik sinovdan o‘tkazildi

Xabar qilganimizdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan maktab teatr jamoalari o‘rtasida “Turon” hamda milliy cholg‘u san’ati bo‘yicha maktab ansambllari o‘rtasida “Iqtidor” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi Samarqandda o‘tkazildi.
“Turon” tanlovining yakuniy mamlakat bosqichida umumta’lim maktablarining 6-11-sinf o‘quvchilaridan iborat jamoalar o‘z maktablarini teatrlashtirilgan holda tanishtirish hamda 5 ta teatr san’atiga oid savolga javob berish va “Teatr ibratxona” shartida ma’lum bir asar asosida kichik sahna spektaklini namoyish etishdi.
Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 169-maktabning “Yangi O‘zbekiston jadidlari” jamoasi ushbu shartlarni eng yaxshi bajargan jamoa deb topildi. Ular Turkiyaga ta’lim sayohatini amalga oshirish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi 39-umumiy o‘rta ta’lim maktabining “Yangi yulduzlar” jamoasiga ikkinchi, Buxoro viloyati Kogon shahridagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabining “Elegant” jamoasi uchinchi o‘ringa munosib deb topildi.
Umumta’lim maktablarining milliy cholg‘u san’atiga qiziqishi yuqori bo‘lgan 6-10-sinf o‘quvchilarini o‘zida jamlagan “Iqtidor” tanlovida ham ishtirokchilar o‘rtasida bahs qizg‘in kechdi. Milliy cholg‘u sozlarini mahorat bilan chalgan yosh sozandalar muxlislar, mutaxassislar e’tirofi va olqishiga sazovor bo‘ldi.
Mazkur tanlovda birinchi o‘rin Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 46-maktabning “Yosh havaskorlar” jamoasiga nasib etdi. Nizomga muvofiq, tanlov g‘oliblariga Ozarbayjon Respublikasiga ta’lim sayohati uchun yo‘llanma berildi.
Keyingi sovrinli o‘rinlar Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11-IDUMning “San’at g‘unchalari” va Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabining “Shodiyona” jamoalariga nasib etdi.
Ushbu tanlovlarning taqdirlash marosimi Samarqand shahridagi “Boqiy shahar” majmuasida o‘tkazildi. Tanlovlarda sovrindor bo‘lgan jamoalar ham tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva ishtirok etdi. E’tiborlisi, Prezident topshirig‘iga binoan, Qo‘shrabot tumanidagi o‘quvchilar uchun 17 ta yangi maktab-avtobusi taqdim etildi. Ushbu ajoyib sovg‘a tumandagi 20 ta olis maktabda tahsil olayotgan 750 nafardan ziyod o‘quvchiga xavfsiz va qulay tarzda o‘z sinfxonalariga yetib borish imkonini beradi.