Osmonga qaraganlar qishlog‘ida bayram

Jomboy tumanining shimolida 41 kilometrga cho‘zilgan G‘ubdin tog‘lari yastanib yotibdi. Manbalarga ko‘ra, u bundan 300 yillar muqaddam qalin daraxt va butalar bilan qoplangan bo‘lgan.

Yillar davomida daraxtlar yoqilg‘i sifatida ishlatib, yalang‘och adirlar  qolgan. O‘tinsiz, dehqonchilik qilish uchun sharoiti yo‘q yerlarda qolgan odamlar tog‘ning etagiga ko‘chib o‘tib, Jomboy tumanining hozirgi Qo‘ng‘irot, Polvonariq, Qo‘lbosti singari mahallalarini tashkil etgan. Ammo halichaga tog‘ bag‘rini tark etmaganlar bor.

Tuman markazidan 25 kilometr uzoqlikda joylashgan Qoraqosmoq qishlog‘ining aholisi shular jumlasidan. Jizzax viloyati bilan chegaradosh qishloqda bugun 35 ta xonadon bor. Ulardagi aholi asosan lalmi dehqonchilik va chorvachilik hisobiga kun ko‘radi.

— Men bu yerga 1965 yilda tog‘ning narigi tomonidagi qishloqdan kelin bo‘lib tushganman, - deydi Gulsin Qarshiyeva. – Tabiati go‘zal, odamlari mehribon bo‘lgani uchun ham sharoitga juda tez moslashdim. To‘g‘ri, yashashimiz zo‘r emas, osmonga qaragan odamlarmiz. Qishning sovug‘i, yozning jaziramasini boshqalardan ko‘ra ko‘proq his qilamiz. Yog‘ingarchilik yaxshi bo‘lsa, ro‘zg‘orimiz but, yil quruq kelsa, ishimiz tang bo‘ladi. Biroq bundan nolimaymiz. Tabiat bag‘rida yashashning mashaqqati bo‘lgani kabi gashti ham bor.

Shundan bilish mumkinki, qoraqosmoqliklar uchun bahorning qadri boshqacha. Issiq kunlar kelib, daraxtlarning gulga kirishi, adirlarning yashillikka burkanishi, qishloqni oralab o‘tuvchi soyning yana jonlangani ularga yangi kuch va g‘ayrat beradi.

Bu Qoraqosmoqda tashkil etilgan Navro‘z bayrami hamda uch avlod uchrashuvi tadbiridan olgan ilk taassurotlarimiz. Bir tomonda doshqozonda sumalak qaynamoqda, boshqa tomonda nuroniy va yoshlar o‘rtasida mushoira, g‘azalg‘onlik avj olgan. Tuman hokimi Qayum Sobirov. U qoraqosmoqliklarni va butun tuman ahlini Navro‘z ayyom bilan qutlab, bu kabi tadbirlarning yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyati haqida gapirdi.

— Uch avlod uchrashuvlarini atay tumanimizning eng chekka hududlarida tashkil etyapmiz, - deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi raisi Xafiza O‘sarova. – Bu yerdagi aholi, ayniqsa, yoshlar e’tiborga, daldaga ko‘proq muhtoj. Ular tadbirlarga jalb qilingan rahbar xodimlar, olimlar, shifokorlar, jamiyatimizning vijdoni sanalgan nuroniylar, katta yutuqlarga erishgan tengdoshlari bilan hamsuhbat bo‘lib dunyoqarashini kengaytiradi, motivatsiya oladi. Kuch hamjihatlikdadir. Agar shu uch avlod vakillari birlashsa, ham hududdagi muammolar yechim topadi, ham yangi tashabbuslar amalga oshiriladi.

Qoraqarsak qishlog‘iga kelsak, to‘g‘ri, undagi aholi qishdan qiyin chiqdi. Lekin hudud infratuzilmasini yaxshilash, xususan, yoshlarning ta’lim-tarbiya olishi uchun yetarli sharoit yaratish choralari ham ko‘rilayotgan ekan.

— 2021 yilda qishlog‘imizda 9-umumta’lim maktabining filiali ochildi, - deydi o‘qituvchi Baxtiyor Ohmurodov. – 17 nafar bola boshlang‘ich ta’limni shu yerda olyapti. Yoshlarni ularni ilmli, kasbli qilishga intilyapmiz. O‘tgan yili qishloqda tibbiyot punkti tashkil etildi. Asta-sekin hayotimiz yaxshilanib boryapti.

Ko‘tarinki ruhda, badiiy chiqishlarga boy tarzda o‘tgan tadbir qishloqdagilarda katta taassurot qoldirganiga shubha yo‘q. Asosiysi, unda aytilgan gaplar, yoshlarning ta’lim-tarbiyasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikka amal qilinishi, hamjihatlik bo‘lishi kerak.

Asqar BAROTOV.