Osoyishtalikni ta’minlash uchun kuch va vositalar yetarli

Joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida viloyat hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bir qator profilaktik tadbirlar olib borildi. Xususan, 10 avgustdan 10 sentyabrga qadar “Taftish”, 19 avgustdan 19 sentyabrga qadar “Ichkilikbozlikka qarshi kurashish oyligi”, 19 sentyabrdan “Tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish oyligi” maxsus profilaktik tadbiri o‘tkazildi.

Natijada viloyatdagi 1 097 ta mahallaning 627 tasida yoki 57,2 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi, 70 tasida jinoyatlar soni kamaydi, 134 tasida jinoyatlar soni barqaror holatda saqlandi.

Viloyat hududida sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabab va shart-sharoitlari tahlili asosida o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, korxona, tashkilot va muassasalarga sodir etilgan jinoyatlar hamda ularning oqibatlari bo‘yicha 3 mingdan ortiq taqdimnoma kiritildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, qotillik va og‘ir tan jarohati, o‘rtacha va yengil tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarning aksariyati o‘zaro kelishmovchilik va oldindan bo‘lgan nizolar oqibatida sodir etilayotganligi kuzatilmoqda.

Xususan, qotillik jinoyatining 13 tasi (52 foizi) hamda og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatining 7 tasi (11,1 foizi) va o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati yetkazish jinoyatining 5 tasi (7,2 foizi) oila-turmush doirasida, ya’ni er-xotin, ota-ona va  farzand, aka va ukaga nisbatan sodir etilgan.

O‘tgan davrda voyaga yetmaganlar va guruhlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar kamaygan bo‘lsa-da, yoshlar, xotin-qizlar, ilgari sudlanganlar va mast holatdagi shaxslar jinoyati oshgan.

Jinoyat va huquqbuzarliklarga moyil bo‘lgan 324 nafar voyaga yetmaganlar hamda 433 nafar farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ota-onalar profilaktik hisobga olindi.

Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi va huquqbuzarligining oldini olish maqsadida huquqbuzarlik sodir etishga moyil, adashgan yoki qarovsiz qoldirilgan, ta’lim massasasidagi dars mashg‘ulotlariga sababsiz qatnashmagan 1407 nafar voyaga yetmaganlar va ularning ota-onalari yoki ota-onalari o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan yakka tartibdagi tushuntirish ishlar olib borildi.

“Tun” va “Tig‘” tadbirlari davomida adashgan yoki tashlab ketilgan, nazoratsiz va qarovsiz, tarbiyasi og‘ir, daydilik qilib yurgan 28 nafar voyaga yetmaganlar aniqlanib, viloyat IIB HPB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.

O‘tgan 9 oy davomida profilaktika inspektorlari tomonidan 151 ming 658 ta ma’muriy huquqbuzarlik holatlari aniqlangan. Xususan, 3 ming 134 ta mayda bezorilik, 9 ming 346 ta jamoat joyida spirtli ichimlik iste’mol qilish, 147 ta ma’muriy nazorat qoidalarini buzish, 4 ming 240 ta pasport tizimi qoidalarini buzish bilan bog‘liq holatlar aniqlangan.

Fuqarolar o‘rtasida yo‘l harakati qoidalariga rioya etish madaniyatini shakllantirish maqsadida o‘tkazilgan reydlar davomida 218 mingdan ortiq qoidabuzarlik aniqlangan. Jumladan, 66 ming 239 nafar qo‘pol qoidabuzarlarga, 10 ming 108 nafar qoidabuzar piyodalarga, 2 ming 375 nafar mast holda transport vositasini boshqargan haydovchilarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.

Olib borilgan tashkiliy-amaliy va tizimli profilaktik tadbirlar natijasida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari 2 taga, halok bo‘lganlar soni 7,1 foizga yoki 13 taga, jarohatlanganlar soni 6,9 foizga yoki 26 taga kamayishiga erishildi.

Xulosa qilib aytganda, amalga oshirilayotgan tadbirlar, aholi o‘rtasida o‘tkazilayotgan uchrashuv va suhbatlar biz, ichki ishlar organi xodimlariga yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash, insonlar xotirjamligini ta’minlashdek murakkab, ayni vaqtda sharafli vazifani bajarish uchun bor bilim va salohiyatimizni ishga solishimiz lozimligini yana bir bor chuqur his etish imkonini bermoqda.

Shavkat RAHMONOV,

samarqand viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik.