Ota-onamning telefoni bo‘lishni xohlayman
#Bo‘lgan_voqea
Bu voqea maktab o‘qituvchisi oilasida sodir bo‘lgan. Hammasi rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi uyiga kelib, uyga vazifalarni tekshirish uchun daftarni ochganda sodir bo‘ldi. U boshini mahkam ushlab oldi, butun vujudini allaqanday his-tuyg‘ular qamrab olgandi. U ko‘z yoshlarini tiyolmas, bir so‘z ham aytolmas, go‘yo vaqt to‘xtab qolgandek edi. Yonidagi turmush o‘rtog‘i hech narsadan bexabardek telefoni bilan band, uni boshqa narsa chalg‘ita olmasdi. Boshini ko‘tarib ayolining holatini ko‘rsa-da, “nima bo‘lyapti”, deya savol ham bermasdi.
Birozdan so‘ng gadjetdan ko‘zini uzib, xotinining ahvolidan taajjublandi va sababini so‘radi. Yig‘lagan ko‘zlari bilan eriga qarab, o‘quvchilarning “Mening ichki orzuim” mavzusidagi kichik insholaridan biri uning qalbini larzaga solganini aytdi.
Turmush o‘rtog‘i hayratlanib, ayolining shunchalik ta’sirlanganiga nima sabab bo‘lganini so‘radi.
Ayol so‘nggi insho uning butun olamini ostin-ustun qilganini aytdi. Nihoyat, turmush o‘rtog‘i telefonini chetga surib, batafsilroq so‘zlab berishini iltimos qildi. Uning yuzida hayajon paydo bo‘lgandi. U ayolining bu ahvolga tushishiga sabab bo‘lgan inshoga qiziqib qoldi va uni o‘qib berishini iltimos qildi.
Insho quyidagicha yozilgan edi: "Mening orzuim ota-onamning telefoni bo‘lish! Onam va otam telefonlarini juda yaxshi ko‘rishadi, bu ularning sevimli qurilmasidir, ular ko‘p vaqtini u bilan o‘tkazadilar, ular hamma narsani u bilan bo‘lishganini ko‘raman.
Men bilan suhbatlashish ularga unchalik zavq bag‘ishlamaydi, hatto ular meni bir necha soat payqamasligi mumkin. Otamdan men bilan biron o‘yin o‘ynashni so‘rasam, faqat bugun emas, chunki bugun og‘ir kun bo‘lganini va u juda charchaganini aytadi. Lekin men uni telefonini qanday qo‘liga olganini va u bilan barcha charchoqlarini yo‘qotishini, hatto soatlab shunday o‘tirishi mumkinligini ko‘raman. Onam o‘z ishi bilan band vaqtida uni bir soatdan ziyodroq kutganimni biladi va u menga biroz vaqtini ajratadi. Ammo qo‘qqisdan bo‘lgan telefon qo‘ng‘irog‘i yana men haqimda unutishiga sabab bo‘ladi. Yig‘lasam ham u suhbatini tugatmaydi. Ota-onam o‘qishadi, o‘yin o‘ynaydi, telefoniga g‘amxo‘rlik qilishadi va uni qadrlashadi. Mening ular bilan birga bo‘lmoqchi bo‘lgan istagimni payqashmaydilar ham, chunki ularning mendan ham muhimroq narsasi - telefoni bor. Shuning uchun men sevimli ota-onamni yonida bo‘lish uchun telefon bo‘lishni xohlayman".
Ayoli o‘qib bo‘lib turmush o‘rtog‘iga qaradi. U bunday bo‘lishini kutmagandi. Uning iztirobli ko‘zlarida kichkina bolaga nisbatan qayg‘urish hissi bor edi. Xo‘jayini ayoliga qarab: "Hozir men o‘sha bolani bag‘rimga bosishni xohlayman", dedi. Ayoli ko‘z yoshdan qizargan ko‘zlarini ko‘tarib: "Sen hozirning o‘zida buni qilishing mumkin - buni bizning o‘g‘limiz yozgan!", deb javob berdi.
Natalya Radionovna.
Rus tilidan Munisa Shamsiyeva tarjimasi.