Otam bilan faxrlanaman

Ishxonada o‘z ishlarim bilan band edim. Qishloqdan otam telefon qildi. Ovozidan hayajonlanayotgani sezilib turardi. Salom-alikdan so‘ng sog‘ligini so‘radim.
– Yaxshiman, o‘g‘lim, yaxshiman, - dedi otam o‘ktam ovozda. - Senga telefon qilayotganimning sababi biroz avval uyimizga tuman hokimi va boshqa rahbarlar kelib Xotira va qadrlash kuni hamda g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan meni tabriklab ketishdi.
Otamning gaplaridan cheksiz xursandchilik, minnatdorlik ruhi sezilib turardi.
- Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan "Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligi" esdalik yubiley medali hamda "O‘zbekistonlik Ikkinchi jahon urushi qahramonlari" kitobi, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti tomonidan yuborilgan medal, esdalik sovg‘alari berib ketishdi.
Otam 93 yoshga kirdi. Uning qadoq qo‘llarida urush davridagi og‘ir turmush izlari qolgan. To‘g‘ri, otam qo‘liga qurol olib urushda jang qilmagan. Ammo yurt boshiga kulfat kelganda oldingi saflarda turib el koriga yaragan. O‘sha paytda urush bo‘layotgan hududlar aholisi, zavod va fabrikalar, front ortiga, ko‘proq mamlakatimizga olib kelingan. Front ortida mehnat qilayotgan xalqimizning bag‘rikengligi ularning hayotini saqlab qolgan. Kechayu kunduz mehnat qilib, askarlarni oziq-ovqat, kiyim-kechak va qurol-aslaha bilan ta’minlab turgan.
Otam urushning dahshatlari haqida avvallari ham biz, farzandlariga ko‘p gapirib berardilar.
O‘zbek xalqi Ikkinchi jahon urushida fashistlarni tor-mor etishda molini ham, jonini ham ayamadi. Frontga, respublikaga ko‘chirib keltirilgan oilalarga uyidan joy berdi, nonini ular bilan baham ko‘rdi. Ishchi batalonlar front uchun fidokorona mehnat qildi.
Bugun urushning dahshatli fojialarini boshidan o‘tkazgan kamsonli qahramonlarimizning urush haqidagi mulohazalari yosh avlod uchun katta ibratdir. Quvonarlisi, ular ko‘rsatgan jasoratlari uchun bugun chindan qadr topmoqda. Urush qahramonlari sharafiga Yurtboshimiz tavsiyalari asosida Toshkent shahrida bunyod etilgan “G‘alaba bog‘i” bunga yorqin misoldir. Otamning qahramonlar qatorida e’zozlanayotganidan bugun men ham qalbimda faxr hissini tuydim.
Telefondagi suhbatimiz so‘ngida otam davlatimiz rahbarining e’tiboridan minnatdor ekanini aytib, yurtimiz tinchligini so‘rab duo qildi.
Ibrohim HAKIMOV.