Otamday yashagim keladi

Shunday insonlar bo‘ladiki, o‘zlarining fidoyiligi, el-yurtga xizmati bilan dunyodan o‘tganlaridan keyin ham odamlar xotirasida, farzandlar qalbida ezgulik timsoli, yaxshilik namunasi bo‘lib barhayot yashaydi. Otam – Qudrat Qurbonov ana shunday insonlardan edi.

O‘zining aytishicha, otam 1923 yil 9 mayda Jomboy tumani Sarchashma qishlog‘ida tug‘ilgan. 1942 yilda yurtimizning mard o‘g‘lonlari qatorida fashizmga qarshi jangga otlangan. Avval Gruziyaning Maxchivan, Maxachkala, keyinchalik Ukraina chegaralarida nemis fashistlariga qarshi jang qilgan. 1945 yilning kuzida ko‘ksini qator orden va medallar bilan to‘ldirib, qishlog‘iga qaytgan.

1947 yilda Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kirib, qo‘liga diplomni olgach, maktabda o‘qituvchilik qilgan, so‘ngra Bektosh Rahimov bilan birga 2 yillik Toshkent oliy partiya maktabida tahsil olgan. 1960 yillarda Jomboy tumanining Voroshilov nomli kolxozida partkom, kolxoz raisi bo‘lib ishlab, keyinchalik cho‘lni obod etish maqsadida Sirdaryoga jo‘natilgan. U yerda  sovxozda bo‘lim boshlig‘i, kasb-hunar texnikumida o‘qituvchi, Oktyabr (hozirgi Zafarobod) rayon sudida maslahatchi bo‘lib ishlagan.

O‘sha paytlarda men maktabda o‘qirdim. Yaxshi eslayman: otamning ishga bormay qolgan kuni bo‘lmasdi. Uyga kelganida ham bekor o‘tirmasdi. Xo‘roz qichqirishi bilan hovlida hayot boshlanardi. Otam hammamizni ertalab tomorqada ishlashga, uyni tartibga keltirishga o‘rgatardi.

Otam mazmunli umr kechirdi. O‘zining bilimi, tashkilotchiligi, tashabbuskorligi bilan el nazariga tushdi. Shu bois bo‘lsa kerak, xalq otam nomini hurmat bilan tilga oladi. Uzoq yillar biz yashagan ko‘cha otam nomi bilan ataldi.

Otam koyimasdi, ammo siyosati ustun edi. Biz, farzandlari - to‘rt o‘g‘il, uch qiz "Otamga aytaman" kinoyasi orqali bir-birimizni hushyorlikka undardik.

Otam ishga erta ketib, kech qaytsa-da bizning o‘qishimiz, odob-axloqimiz bilan qiziqardi. Mehribonlik bilan pand-nasihat qilib, mehnatga, halol yashashga, o‘qib yaxshi mutaxassis bo‘lishga o‘rgatardi. Ota o‘gitiga amal qilib, kam bo‘lmadik, aka-uka, opa-singillar hammamiz hayotda o‘z o‘rnimizni topdik.

Padari buzrukvorim urush asoratini baribir ko‘tara olmadi - 1989 yilda 66 yoshida vafot etdi. Onajonim Xolida aya har qancha bildirmayin desada, otam vafotidan siqilardi. Aksiga olib, ichki ishlar xodimi bo‘lib ishlab yurgan Shavkat akamning 2001 yilda Surxondaryoda vatanimiz tinchligiga rahna solgan qo‘poruvchilar bilan janglarda ishtirok etgani, janglardan so‘ng xat-xabarsiz yana bir oy xizmat qilgani onam yuragini pora qildi. 2012 yilda akamning bevaqt vafot etganiga bardosh bera olmadi - kasallikka uchradi, to‘rt yil o‘tib, bu dunyoni tark etdi.

Bugun biz odamlar tilida hamon jaranglaydigan Qudrat Qurbonovday elga munosib xizmat qilgan insonning zurriyodi bo‘lganimizdan faxrlanamiz, yaxshi ishlarimiz bilan ruhini shod etishga intilamiz.

Nigora Qurbonova,

Jomboy tumani 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.