Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Otangdan ortiq odamlar… 

Ne-ne ulug‘larga beshik sanalgan Samarqand dorilfununi farzandi bo‘lish bolalikdagi orzuyim edi. Allohning qudratini ko‘ringki, niyatni ko‘ngilga solgandan so‘ng, uning amalga oshish imkonini ham O‘zi berar ekan. Mavlon Jo‘raqulov, Rahmatulla Qo‘ng‘urov va Rahmonqul Orzibekov singari olijanob va bag‘rikeng piru ustozlarga duch kelganimni ham Yaratganning ana shunday ne’mati va inoyati deb bildim.

Ularning har biri haqida alohida aytar gaplarim, ta’zim va ehtiromim bor. Minnatdor qalb tuyg‘ularini qog‘ozga tushirmoqqa O‘zi imkon bersa bo‘ldi.

Hazrat Navoiy “Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qutmish ranj ila, Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila”, deganlariga ahamiyat berilsa, ramziy ma’noda birgina harfni o‘rgatgan insonning qarzini uzmoq uchun yuzlab xazina yetarli emasligini aytib, ustozlik maqomining nechog‘lik baland ekanligini ta’kidlamoqda.

Allohim, birgina harf sabog‘ining rutbasi shunchalik baland bo‘lsa, hayot so‘qmoqlari-yu o‘nqir-cho‘nqirlarida shogirdlarini qo‘lidan yetaklab yurgan insonlarning martabasini qanchalik yuqori qilib qo‘ygansan?!

Keyingi paytlarda «Ustoz otangdan ulug‘» maqoli biroz o‘zgartirilib, «Ustoz otangday ulug‘», deb qo‘llanila boshlandi. Bu to‘g‘ri emas, albatta. Maqolning ma’nosini chuqur anglamaganlar shunday ishlatishmoqda. O‘z qadrini bilgan odamga chindan ham ustozning qadri otanikidan yuqorida bo‘ladi. Ota o‘z vazifasini bajarib bo‘lgan, farzandning keyingi kamoloti endi unga bog‘liq bo‘lmay qolganda ustoz degan bir ulug‘ zot hayotingda paydo bo‘ladi va u seni otang uddasidan chiqa olmagan yuksakliklarga olib chiqadi. Nega endi uning martabasi otangnikidan ulug‘ bo‘lmasin ekan!

Professor Rahmonqul Orzibekov hayotimda ana shunday vazifani zimmasiga olgan, taqdirimda burilish yasagan ustoz bo‘ldi. Shu sabab bu olijanob insonga nisbatan ustoz so‘zini qo‘llashim kamlik qiladi, deb hisoblayman va piru ustozim degan jumlani hamisha yuragimning tub-tubida saqlayman. Darhaqiqat, ustoz pirlik maqomiga yetgan komil inson edi.

Garchi, ustozning foniy olamni tark etganlariga ancha yillar o‘tgan bo‘lsa-da, mamlakatimizda u kishini yaxshi bilgan, suhbatlarini olgan insonlar – hamkasblari, shogirdlari, qarindosh-urug‘lari bor.

Ustozni «oppoq dada» – otalari  Orzibek bobo «Rahmonqul domla» deb murojaat qilardi. Og‘alari Sottiqul aka ham shunday derdi. Bu jumlaning aytilishida farzandi bilan qanchalik faxrlanish va mamnuniyat, qoniqish va rozilik tuyg‘usi borligini o‘sha paytlar ham payqaganman. Ota-bola, aka-uka o‘rtasidagi bu izohlab bo‘lmas munosabatlarga havas qilganman. Ota-onam, singlim va ukamga bo‘lgan silai rahm o‘sha paytlar tug‘ilgan bo‘lsa ajabmas.

Biz saboq olgan ustozlar orasida Rahmonqul domlaning yurish-turishlari ham, o‘zini tutishlari ham, muomala madaniyati ham butunlay boshqacha, qadam tashlashlari doimo salobatli edi. Shoshilmasdi, boshqalarni tinglashni xush ko‘rardi, kam gapirardi. Ammo kerakli gapni o‘rniga qo‘yib aytardi. Necha yil domlaning yonlarida bo‘lgan bo‘lsam, g‘azablanganini yoki biron kishiga qattiq gapirganini ko‘rgan emasman.

XVI-XIX asrlar va milliy uyg‘onish davri adabiyoti tarixidan dars berardi. Bu davr adabiyoti va unda ustuvor bo‘lgan adabiy janrlar to‘g‘risida qator kitoblar yozgan edi. Mavzuni erinmasdan tushuntirardi. Talabalarga «uch» baho qo‘yishni o‘ziga ep ko‘rmasdi. Qo‘shimcha savollarga javob berishga imkon berardi. Domlaning darsidan va qo‘ygan bahosidan norozi bo‘lgan talabani uchratmaganman.

Davralari ham ajoyib edi: Jo‘raboy Hamdamov, Nuriddin Shukurov, Rahmatulla Qo‘ng‘urov, Musa Xalilov, Shavkat Xolmatov… Bu ustozlar bugun oramizda yo‘q. Ammo ularning har biridan ibratli ilmiy-ma’naviy meros qoldi. Ularning xizmatida bo‘lgan do‘stim Juma Hamro ikkalamizga shirin xotiralar qoldi...

Piru ustozim Rahmonqul domladan ko‘p yaxshiliklar ko‘rdim. Shu olijanob va bag‘rikeng inson tufayli Samarqand davlat universitetiga ishga joylashdim, uylik-joylik bo‘ldim. Elga qo‘shildim. Axloqidan ibratlandim. Odamlar bilan, rahbarlar bilan, yaqinlar bilan qanday muomala qilishni o‘rgandim.

Bugun endi ustozdan olganlarimni shogirdlarimga, farzandlarimga qay darajada qaytarayapman, buni bilmadim. Ammo o‘tayotgan darslarimda ustozimdan o‘rganganimday, ta’lim va tarbiyani uyg‘un olib borishga harakat qilaman. Bu ulug‘ zotning hayotidan esimda qolgan ibratli joylarini so‘zlab beraman. «Tuzukmi», degan savolu e’tiroflarini sog‘inib, o‘zim ham ta’sirlanaman.

Qaraymanu yuragimda tugar bardosh,

Qanday qilib sizni asray qon-qarindosh?

Ko‘zimda yosh, ko‘nglimda yosh, so‘zimda yosh –

Odamizot bu dunyodan o‘tib borar. (Usmon Azim).

Agar hayot bo‘lganlarida Rahmonqul domla 5 may kuni 92 yoshni qarshilagan bo‘lar edi. Piru ustozimning ruhlari shod, oxiratlari obod bo‘lsin!

Suyun KARIMOV,

professor.