O‘tgan yil Samarqand sudlari qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi 37 ta iltimosnomani rad etdi
Bu haqda Samarqand viloyat sudi raisining o‘rinbosari, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Tolib Boyzoqov 2025 yilda odil sudlovni amalga oshirish, mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2025 yil mobaynida birinchi bosqich sudlari tomonidan 8012 nafar shaxsga nisbatan 6315 ta ishlar ko‘rib, tamomlangan. Viloyat sudining apellyasiya, kassatsiya va taftish instansiyalarida 1504 nafar shaxsga nisbatan 1287 ta ish ko‘rib, tamomlangan. Shundan 1163 nafar shaxsga nisbatan 998 ta ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari o‘zgarishsiz qoldirilgan, 244 nafar shaxsga nisbatan 209 ta ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan, 41 nafar shaxsga nisbatan 26 ta ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari bekor qilingan.
– Ichki ishlar organlari taqdimnomalari asosida jazoni o‘tash davrida tuzalish yo‘liga o‘tgan 3831 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 1116 nafar shaxsning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi, – dedi T.Boyzoqov. – Jazoni ijro etish manzil koloniyalaridan 1182 nafar shaxs tayinlangan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli yoki jazoni yengilrog‘iga almashtirilib, qamoqdan ozod qilindi. Shu bilan birga, belgilangan tartiblarni buzganligi uchun 730 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan jazo og‘irrog‘iga almashtirildi.
Sudlar tomonidan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqida 2690 nafar shaxsga nisbatan iltimosnomalar ko‘rib, tamomlangan bo‘lib, 2653 tasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 37 tasi rad qilindi.
2025 yilda ko‘rib, tamomlangan ishlar 2024 yil bilan solishtirilganida qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash jinoyati 141 taga (320 foizga), o‘g‘irlik 196 taga (40,8 foizga), qasddan badanga yengil shikast yetkazish jinoyati 48 taga (20,3 foizga) oshganligi kuzatildi.
2025 yilda jami 80 ming 850 nafar shaxsga nisbatan 66 ming 841 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar birinchi instansiyada ko‘rilgan bo‘lib, ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 29,7 foiz ko‘paygan.
2025 yil davomida apellyasiya instansiyasida jami 494 nafar shaxsga nisbatan 417 ta, kassatsiya instansiyasida jami 757 nafar shaxsga nisbatan 703 ta ma’muriy ishlar ko‘rib, tamomlangan. Bu ishlar bo‘yicha jami 91 milliard so‘mdan ortiq jarima jazosi tayinlangan.