O‘tgan yilda Prezidentning 216 ta dolzarb topshiriqlari bajarilmagan, 221 nafar rahbarga chora ko‘rilgan, 13 nafari iste’foga chiqarilgan
Bosh prokuror Otabek Murodov Oliy Majlis Senatining 19 yalpi majlisida 2018 yilda Bosh prokuratura va prokuratura organlari tomonidan mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish borasida amalga oshirilgan ishlar borasida hisobot berdi.
Bu haqda xs.uz xabar berayapti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018 yil 31 yanvar kuni prokuratura organlari xodimlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib, chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlandi hamda prokurorlar faoliyati shu asosda tashkil qilindi.
Asosiy e’tibor qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlari, shuningdek, hududlarga amalga oshirilgan tashriflarda belgilab berilgan topshiriqlari ijrosini so‘zsiz ta’minlashga qaratildi.
Bunda, faoliyat huquqbuzarlik va jinoyatlarning oqibatlari bilan kurashishga emas, balki ularning tub sabablarini aniqlab, mavjud tizimli kamchiliklarni bartaraf etishga, aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal etishga yo‘naltirildi.
Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan qonunlar va Prezident qarorlari ijrosini ta’minlashga ustuvor vazifa sifatida qaralib:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qarorlari hamda dolzarb topshiriqlari ijrosini tahlil qilib borish bo‘yicha Bosh prokuratura va Vazirlar Mahkamasi ishchi guruhi tomonidan mavjud holatni joylarda o‘rganish amaliyoti joriy qilindi.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda o‘tkazilgan o‘rganishlarda 216 ta dolzarb ahamiyatdagi topshiriqlar bajarilmaganligi aniqlanib, aksariyat muammolar joyida hal qilindi.
Masalan, Jizzax viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida aholiga qulayliklar yaratish hamda transport xizmati sifatini oshirish maqsadida “Jizzax Irjar” temir yo‘lining Jizzax shahri, Sharof Rashidov, Paxtakor, Do‘stlik, Mirzacho‘l tumanlari bo‘ylab passajir poyezdi qatnovi tashkil etilib, mazkur yo‘nalishda kuniga 2 marotaba qatnov yo‘lga qo‘yildi.
Yoki, Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar doirasida hududga qator salohiyatli investorlar jalb qilinib, aholiga har tomonlama qulaylik yaratish maqsadida Sayxunobod tumani markazida o‘z ichiga oziq-ovqat do‘koni, mebellar uyi, maishiy texnikalar do‘koni, kinoteatr, bolalar maydonchasi, dorixona va boshqa xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini olgan 25 mlrd. so‘mlik zamonaviy majmua qurilishi tashkil etilib, foydalanishga topshirildi.
Shu bilan birga, o‘rganishlar davomida vazifalar ijrosini ta’minlashda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 221 nafar mansabdor shaxslar intizomiy jazoga tortildi, shu jumladan 13 nafar rahbarlar lavozimidan ozod qilindi, deya gapirib o‘tdi Murodov.