O‘tmish suratlaridagi tushunarsiz hodisalar
O‘tmishdan olingan ba’zi fotosuratlar bugungi kunda ham olimlarni hayajonga solmoqda. Bugungi kunda o‘zini fotosuratchi, deb bilgan kishi yo‘l-yo‘lakay o‘ziga yo‘liqqan (go‘yo) boshqa planetalik, arvoh yoki boshqa g‘alati mavjudotlarning rasmlarini ommaga namoyish qilishi mumkin. Hozirgi davrda ijtimoiy tarmoqlar sahifalarida har xil tasvirlar uchraydi va albatta, bu voqealarning haqiqiy dalillari topilmaguncha ular chinakam sanalmaydi.
Biroq zamonaviy texnologiyalar yordamida tasvirlarni soxtalashtirishni boshlashdan ancha oldin paydo bo‘lgan sirli tasvirlar tushib qolgan fotosuratlarni qanday izohlash mumkin?
Bugun e’tiboringizga bu qanday sodir bo‘lishi mumkinligini biron kishi hanuzgacha izohlab berolmagan bir nechta suratlarni havola etamiz.
Suratdagi kosmonavt
1964 yilda Angliyaning Kambriya shahridagi quyoshli kunlarning birida Djim Templton oilasi bilan sayrga chiqdi va qizini suratga tushira boshladi. Keyinchalik ishlangan rasmni ko‘rib hayron qoldi. Fotosuratda qizi ortida skafandr kiygan, kosmonavtga o‘xshash g‘alati jussa turganligi ko‘rinib turardi. Suratga olish paytida yaqin-atrofda Templton oilasidan boshqa hech kim yo‘q edi. Djim qizi orqasida turgan kosmonavt qanday qilib suratga tushib qolganini hech kim hali ham tushuntirib bera olmagan.
Tasodifan kadrga tushib qolgan qo‘rqinchli hayvon
Xuk orolida bundan ellik yil oldin olingan, odamlarni hayajonga solgan yana bir fotosurat – bu yirtqich hayvonning surati. Aniqki, u paytda fotosuratlarni tahrirlash va tuzatish dasturlari insoniyat uchun tushunarsiz narsa edi. Dahshatli mavjudotning fotosurati Robert Le Serro va uning rafiqasining ishi. Ular orolning Stounxeyven ko‘rfazi bo‘yida suhbat qila turib, suv tubida yotgan ulkan bir narsani ko‘rib qolishdi. Ular maxluqni suvda qimirlamay yotgan ulkan cho‘michga o‘xshatishdi. Er-xotin ushbu hodisani darhol suratga tushirish payiga tushdi. Maxluq noxosdan qimirlay boshladi, sayr qilayotganlar vahimaga tushib sohilni tark etishga shoshildi.
Marhumning umumiy rasmda paydo bo‘lishi
Birinchi jahon urushida Britaniyaning Dedalus kemasida xizmat qilgan Goddard eskadrilyasining jamoaviy portretini ko‘rgan xizmatdoshlarni hayajon bosdi... Suratda barcha askarlar bilan bir qatorda marhum Freddi Jekson ham bor edi.
Gap shundaki, Freddi aviamexanik bo‘lib ishlardi. Askarlar jamoaviy rasmga tushishdan ikki kun oldin bexosdan samolyot vinti uchib chiqib, uning hayotiga zomin bo‘lgandi. Bu rasm esa aynan aviamexanik Jekson dafn qilingan kuni tushirilgan edi. Uchuvchilar orasida Jeksonning turishi hozirgacha jumboq bo‘lib qolmoqda.
Bahora MUHAMADIYeVA tarjimasi.