O‘ttiz ikki yil davomida matoga ipda tikib, yozilgan Qur’oni Karim nusxasi

Yaqinda muqaddas Umra safariga borish nasib qildi. Guruhimiz yashagan Makkai Mukarrama shahrida "Hilton" mehmonxonasi foyesiga Qur’on ko‘rgazmalari namoyishidan ba’zi eksponatlar olib kelib o‘rnatilgan ekan.

Ko‘rgazma va eksponatlarga diqqat-e’tibor qilar ekanman, bir Qur’on kitobining nusxasi, uning muallifining sabri, g‘ayrati, shijoati va matonati meni bag‘oyat hayratga soldi. Ko‘rgazmaga yozilgan peshlavhaning tarjimasini Sizga ham ulashgim keldi.
Peshlavhada quyidagicha bayon etilgan: "Ushbu Qur’onning asl nusxasi pokistonlik Nasim Ahtar xonim tomonidan qo‘lda, igna bilan tikib chiqilgan. Xonim bu ishni 1987 yilda, 30 yoshida boshlab, 32 yilda ya’ni, 2018 yil 62 yoshida tamomlagan.

Bu ishda xonim 300 metr mato, 25 ming metr ipdan foydalangan, yakunda Qur’on uch qismdan iborat, jami og‘irligi 55 kilogrammni tashkil etgan.
Ushbu mehnat mahsulini xonim 2019 yil Haj mavsumidagi Qur’on ko‘rgazmasi uchun tuhfa etgan".
Internetdan ismi bilan izlagandim, u kishidan olingan intervyu videolavhasi bor ekan. Videolavha "Pakistanstoryofficial" rasmiy tarmog‘i tomonidan joylangan. Intervyuda quyidagilar bayon etilgan:
“Bunday ish, ya’ni Qur’oni karimning to‘liq qo‘lda matoga ipda igna bilan tikilishi tarixda bunga qadar bo‘lmagan.

Nasim Ahtar xonim Gujoratda tug‘ilib o‘sgan, shu yerda yashab kelmoqda. 3 yoshidan Qur’onni o‘qishni boshlab, 5 yoshida uni to‘liq o‘rganib, qoriya bo‘lgan. Bunda unga qishlog‘iga Hindistondan ko‘chib kelgan Aslam Jalandhari ismli yetuk muallim o‘rgatgan.
Muallimning qizi tikuv fabrikasida ishlagan. Ahtar xonim ustozi uyida Qur’onni o‘rganish bilan birga qizidan tikishni ham o‘rgangan, 10 yoshida tikishni juda yaxshi o‘zlashtirib olgan. Ahtar xonim onasining ko‘zi yaxshi ko‘rmaganligi uchun, tikishni yaxshi o‘rganib olgani uyida juda asqotgan.

Panjobdagi barcha oilalardagi udumga ko‘ra, 10-sinfda barcha uy-ro‘zg‘or ishlariga tayyor holda, xonim turmushga chiqqan. Turmush o‘rtog‘i Pokiston havo qo‘shinlarida xizmat qiluvchi zobit bo‘lgan.
2,5 yildan so‘ng Ahtar xonim ham Havo qo‘shinlari akademiyasiga o‘qishga kirgan. Akademiyada xat yozuv bo‘yicha mahorati tufayli kotiblik qilgan, tikish mahoratini akademiyadagi boshqa xotin-qizlarga ham o‘rgatish uchun to‘garaklar tashkil etgan. Hatto bu borada mamlakat darajasidagi mukofotlarni ham qo‘lga kiritgan.

Dastlab ikkita surani matoga ko‘chirgan, o‘z ishidan mamnuniyatni his etib, to‘liq Qur’onni matoga qo‘lda tikishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Turmush o‘rtog‘i ham bu maqsadni olqish ila qabul qilgan. Buning uchun aksariyat tikish ishlarini tunlari olib borgan. Ammo, bir on ham ishni to‘xtatish haqida o‘ylamagan.

Bu ishi aslo oilasi ishlari, bolalari tarbiyasi, o‘qishiga ta’sir qilmagan. 30 yoshida 1 o‘g‘il va 1 qiz onasi bo‘lgan. Doimo yaxshi beka, yaxshi ona bo‘lishga harakat qilgan.
O‘z ishini yakunlagach, ya’ni Qur’oni karimni to‘liq ko‘chirib bo‘lgach, biror kishiga bu haqda oshkor, ovoza qilishni xohlamagan, faqatgina ishni to‘g‘riligini tekshirish uchun qorilarga taqdim etgan. Ish uch marta qorilar ko‘rigidan o‘tgach, xonimga ushbu Qur’on bo‘yicha sertifikat taqdim etilgan.
Ushbu olamshumul xabar dastlab yurt ichida ovoza bo‘lib, borib-borib uning mehnati haqida Madinadagi Masjid al-Nabaviy va Makkadagi Masjid al Haram rasmiylari ham xabar topishgan. Ikki muqaddas masjid mutasaddilari xonim bilan bog‘lanib, u kishining butun oilasini Umra safariga chaqirishgan.

Xonim intervyu so‘ngida amalga oshirgan ishidan juda baxtiyor ekanligini, hatto buning darajasini so‘z bilan ta’riflashga qodir emasligini ko‘ziga yosh kelib aytib o‘tgan.
2019 yilgi Haj mavsumida ushbu Qur’oni Karim Madinadagi Masjid al-Nabaviy masjidida tashkil qilingan Qur’on ko‘rgazmasida namoyish qilingan. Hozir esa ushbu Qur’onning asl nusxasi Masjid al-Nabaviy masjidi muzeyida saqlanadi.

Sherzod Suvonqulov.