Oxirgi 50 yilda Yerda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi: Odamlar halokat sari bormoqdami?
400 kishidan iborat olimlar guruhi 3 yil davomida Yerdagi oxirgi 50 yilda sodir bo‘lgan bioxilma-xillik va ekotizimdagi o‘zgarishlarni qunt bilan o‘rganishdi. Ular yakuniy xulosaga kelishlari uchun 15 mingga yaqin tadqiqot va manbalarni o‘rganishdi.
Ularning tadqiqoti shuni ko‘rsatmoqdaki, Yer shari va odamzot umumiy ulkan halokat tomon jadal harakatlanib bormoqda.
Oxirgi 50 yildagi odamzot tomonidan tabiatga yetkazilgan zarar oqibatida 1 million turdagi turli mavjudotlar yo‘qolib ketish arafasida turibdi.
Quruqlikdagi umumiy mavjudotlarning 20 foizi yo‘qolib ketib bo‘lgan.
Suv jonzotlarining esa 40 foizi butunlay yo‘q bo‘lib ketgan. Dengiz va okeanlardagi sut emizuvchilar va boshqa suv jonzotlarining 33 foizi butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida.
Oxirgi 50 yilda insoniyatning quruqlikdagi tabiatga ta’siri natijasida qishloq xo‘jaligi va hayvonot dunyosi shu paytgacha o‘zi iste’mol qilib kelayotgan chuchuk suvning 75 foizini yo‘qotish arafasida turibdi.
Yer ostidagi chuchuk suvlar ham 23 foizga kamaygan.
Oxirgi 50 yilda shaharlar va qishloqlar hududi ikki baravarga ortgan.
Oxirgi 50 yilda dunyo bo‘ylab avtomobillar soni 70 foizga, temir yo‘llar 50 foizga ortgan.
Oxirgi 50 yildan buyon Dunyo okeaniga har yili o‘rtacha 400 tonna og‘ir metall va zaharli chiqindilar to‘kilayapti. Buning natijasida dunyo okeanining turli chekkalarida kamida 400 ta "o‘lik hudud" vujudga kelgan. Ularda zaharli chiqindilar tufayli tirik suv jonzotlari umuman qolmagan. Ularning umumiy o‘lchami 245 ming kv.km ni tashkil etadi. Bu Buyuk Britaniya hududidan ham katta joy degani.
Oxirgi 50 yilda iqlim o‘zgarishi tufayli to‘fonlar xavfi va soni bir necha barobarga ortgan. Bu tabiiy ofat bugungi kunda Yer yuzida 300 million aholiga xavf solayapti. Iqlim o‘zgaraversa to‘fonlar xavfi va soni yana oshishi ehtimoli bor.
Tadqiqotchilar rahbari Robert Uotsonning fikrlariga ko‘ra, odamzot ongli ravishda, har taraflama o‘z uyini vayron qilmoqda, o‘z sog‘ligiga daxl qilmoqda.
Bu jarayonni faqatgina odamzotning o‘zi to‘xtatishi mumkin. Ammo, bugungi kunda Yer yuzidagi geosiyosiy va iqtisodiy raqobat bunga izn bermaydi.
Dunyo mamlakatlari xoh ular yuksak taraqqiy etgan mamlakatlar bo‘lsin, xoh rivojlangan, xoh rivojlanayotgan davlatlar bo‘lsin, bugun faqat va faqat iqtisodiy va geosiyosiy raqobat yo‘lida dunyo okeani va quruqlikdagi ekotizim va bioxilma-xillikni ayovsiz ravishda talamoqdalar va qurbon qilmoqdalar.
Tadqiqotchi olimlarning xulosasiga ko‘ra, jarayon shu tarzda ketaversa, Yer sharini yaqin bir necha o‘n yil arafasida ulkan halokatlar kutmoqda. Ular bunga asos qilib Yer sharidagi ekotizim va bioxilma-xillik zanjirday bir-biriga bog‘liq ekanini, agar o‘sha zanjirning bir bandi uzilsa, Yer yuzidagi ekotizim mutlaqo ishdan chiqishi va buning oqibati ulkan halokatlarni keltirib chiqarishini keltirmoqdalar.