Oxirgi marta qachon pochta xizmatidan foydalangansiz?

Bir vaqtlar yelkasida xat va gazetaga to‘la sumka bilan velosipedda kelayotgan pochtachilarni ko‘rib, "Bizga ham xat bormi?", deb qiziqish bilan so‘rardik.
Pochtachi xonadonma xonadon yurib, jo‘natmalarni qo‘lingizga topshirib ketardi. Agar telegramma, banderol yoki posilka kelib qolsa bormi, xursandchiligimizdan ichimizga sig‘may ketardik. Hech narsa bo‘lmaganda ham kundalik gazetalardan olib qolardik. Biroq bugunularni kam ko‘radigan bo‘lib qolgandik. Borlari ham YPX jarimalari va turli idoralardan kelgan ogohlantiruvchi xatlarni berib ketadi.
Bugungi kunda zamonaviy pochta xizmatida juda ko‘p o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan bo‘lsada, lekin tizimning maqsadi o‘zgarmagan. Pochtalarni xonadonlarga yetkazishda doimo muhimlik qoidasiga amal qilinadi. Xabarnomali xatlarni kelgan kuniyoq eltib berish shart. Chunki uni yuborgan tarafga yetkazib berilgani to‘g‘risida telefon orqali alohida xabarnoma yuboriladi. Buning uchun jo‘natayotgan taraf qo‘shimcha pul to‘lagan bo‘ladi. Keyin esa YPX jarimalari, to‘lovlarga oid va sud xabarlari tarqatiladi. Jarimalar yuborilgan kundan boshlab 15 kun ichida to‘lansa, 30 foizli chegirma bo‘ladi, shuning uchun kechikishi mumkin emas. Bu esa pochtachilarga alohida mas’uliyat yuklaydi.
Xo‘sh, bugun tizimda qanday yangiliklar va o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda?
Bugungi kunda “O‘zbekiston pochtasi” AJ viloyat filiali qoshida 199 ta aloqa bo‘limi va 16 ta markaziy amaliyot zallari faoliyat ko‘rsatmoqda. 630 nafardan ziyod pochta xodimlari yordamida 4 ta tumanlararo, 16 ta tumanlar ichida haftasiga 6 marta pochta almashinuvi amalga oshirib kelinmoqda. Shuningdek, pochta, xat, banderol, paket, davriy nashrlar, pul o‘tkazmalari kabi 30 dan ortiq universal pochta va kurerlik xizmatlari ko‘rsatilyapti.
- Prezidentimizning 2020 yil 14 dekabrdagi “Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirishga xizmat qilmoqda, - deydi “O‘zbekiston pochtasi” AJ Samarqand filiali boshlig‘i O‘rinboy Mavlonov. - Sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, pochta aloqasi xizmatlarini taqdim etish faoliyatini to‘liq avtomatlashtirish orqali Pochta rivojlanishi indeksi global reytingida birinchi 50 talikka kiritish ko‘zda tutilgan. Pochta va kurerlik xizmatlari faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda «yakuniy manzil» xizmati joriy etilyapti. Shuningdek, pochta aloqasining an’anaviy xizmatlarini takomillashtirish, ularni raqamlashtirish, jo‘natmalarni qabul qilish, kuzatib borish va yetkazish jarayonlariga axborot texnologiyalari va tizimlarini joriy etish orqali aholi, biznes va davlat idoralariga zamonaviy xizmatlar taqdim etilmoqda.
“O‘zbekiston pochtasi” viloyat filialiga pochta jo‘natmalarini manzilgacha yetkazib berish uchun 11 ta yuk mashinalari, pochta xodimlari uchun 29 ta elektroskuterlar ajratilishi filialning moddiy-texnik bazasini yangilash va jo‘natmalarni qisqa muddatlarda manzillariga yetkazishni ta’minlamoqda. Shahar va tumanlardagi 35 ta pochta aloqa bo‘limi yagona korporativ dizayn asosida jihozlanib, optik tolali aloqa liniyalari o‘tkazildi va zamonaviy qurilmalar o‘rnatildi. Hududlardagi 80 ta pochta aloqa bo‘limida 60 turdagi davlat xizmatlari, 63 ta pochta aloqa bo‘limida bank hamda sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish joriy etilmoqda. Shuningdek, zamonaviy kompyuter, printer va ko‘p funksiyali mobil qurilmalar bilan ta’minlandi. Shahar va tuman markazlariga 14 ta pochtamatlar o‘rnatildi.
Samarqand pochta aloqasi bog‘lamasi binosi ham zamonaviy ko‘rinishga keltirildi, - deydi Samarqand shahar markaziy pochta aloqa tarmog‘i bo‘lim boshlig‘i Lola Hasanova tizim faoliyatinin o‘rganish maqsadida jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-turda. - Logistika markazi tashkil etilib, pochtamat o‘rnatildi. «Gibrid pochta» jo‘natmalarini qabul qilish va yetkazib berish xizmatlari soni 2 barobarga oshirildi. Joriy yilning mart oyida 77 mingdan ziyod turli shakldagi xatlar qabul qilinib, o‘z egalariga yetkazib berilgan bo‘lsa, aprel oyida ularning soni 83 mingga yetdi.
Pochta bo‘limlari tomonidan “Gibrid pochta” va “Bir qadam” xizmatlari, davriy nashrlarga obuna qabul qilish, telegramma, posilka qabul qilish va jo‘natish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, har oyda yangilangan axborot tizimida o‘rtacha 20 milliard so‘mga yaqin kommunal va boshqa xizmatlar uchun to‘lovlar qabul qilinmoqda.
Jurnalistlar press - tur davomida Samarqand shahar markaziy pochta aloqa tarmog‘ida bo‘lib, tizimda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Dilmurod TO‘XTAYeV.