“Oxranka”ni titratgan maqola (davomi)
Sharq donishmandi bir masala xususida so‘z yuritar ekan, vazminlik bilan fikrlaydi, yozadi. Behbudiy davrining eng murakkab dardini ham ana shunday sharqona nazokat bilan ko‘tarib chiqadi.
Endi bevosita maqola mohiyati xususida so‘z yuritar ekanmiz, publitsistning o‘quvchini o‘zi bilan birga mulohaza yuritishga undaganligini, birga tahlil qilganligini ta’kidlashni xohlardik. Tahlil murakkablasha boshlaganini sezgach, u maqolasiga jolis — suhbatdoshni olib kiradi. Publitsist esa unga javob beradi. Bu yerda Behbudiy asosiy fikrni keng tahlil etib berishni xohlaydi: “Biz bu musaddani yozar ekan, jolisimizdan biri so‘radiki, matlabni oshkora so‘ylang.
Biz alan qanday tanazzuldamiz va ilgari na kayfiyatda eduk? Man dedim: bu qissa dur va darozdur, balki sizning husuli (hosil — H.S.) fikriya va maydoni ilmiyangiz hududidan xorijdur. Bu qissai purg‘ussadin ma’lumot olmoq va voquf hosil etmoq uchun jug‘rofiya va ta’rixdan xabardor bo‘lmoq lozim. Kelur hol buni alar sizning nazdingizda ashuladin va harza (bekor, behuda — H.S.) ko‘ylik din ham dunroq (razil, past — H.S.) ratbag‘adur. Xulosamni ta’rixiy va vuquoti moziyani muxtasar suratda bayon qilayin. Shoyadki, bir fikri ajmali (go‘zal — H.S.) hosil etsangiz va, shoyadki, sizcha bid’at va kufr va zalolat va bizcha ham shariatcha farz va zarurat darajasidaki jug‘rofiya va ilmi siyosat zamoniyya va jaroidi naf’iyyag‘a muhabbat ko‘zi ila boqib, andin dunyo va oxiratingizg‘a foydalik nimarsalarni orttirmoq va ibrat hosil qilmoq uchun bir olti oy doimo o‘qub ko‘rsangiz”.
Demak, publitsist maqolaning asosiy maqsadiga ko‘chdi. Jolis sifatida qabul qilingan bu g‘oyibona suhbatdoshni Behbudiy bilan kurashib yurgan, jadid maktabini “buzuq” deb qabul qilayotgan, hali qaysi tomon haqu va qaysisi nohaqligini aniq bilmaydigan gazetxon, deb ham qabul qilishimiz mumkin. Chunki ushbu maqolani o‘qiyotgan kishi jolis sifatida qatnasha boshlaydi, ya’ni maqola quyidagicha davom etadi:
“Jolisimiz dedi: Suylang, qulog‘im sizda. Dedim: Ta’rix derki, musulmonlar 500 sana muqaddam zamong‘acha o‘z Qur’on va podsholariga, o‘z shariat va amirlariga tamoman tobe’ edilar. Yahudiy, nasroniy, majusiy toifalaridan yuz miliyunlari ila zam (qo‘shilgan, qo‘shish — H-S.) fuqarolari, tobe’lari bor ediki ul zamonni biri, ya’ni yer yuzidag‘i xalqi Ollohni uchdan birini amali Qur’on ila va tabiati musulmon ulamolari qaydig‘a yer yuzig‘a bir ming besh yuz miliyun odam taxmin qilingan va ani 300 miliyundan fazlasi (ortiqcha — H.S.) islom ila mutaddayyindur (dindor — H.S.). Demak, to‘rt-besh asr muqaddam bir qadar ajnabiy tab’i islomiyyamizda (islomiy didimizda — H.S.) bor ekan va ahli iymon... islomiyyag‘a tobe’ ekanlar ilmi ta’rix buni ila sokin (jim — H.S.) bo‘lmaydur. Yana bu salot bani odamni kayfiyati iymon va taslim va tarbiyati va alarning sababi ham sharh va bast (yoymoq — H.S.) etar. Jug‘rofiya o‘qug‘on ta’rixiyaning zarifidurki, 500 sana muqaddam hudud doirai muqaddasi islom va oni yer yuzida hoiz bo‘lgan tul (uzunlik) va arz va masohat (yer o‘lchash) sathiyya va hay’at tabiiyasini, xaritalarini ho‘l va quruqlarini mubmamoroya(?) etar, musulmonlarni asirat imroniya va madaniyalarini mavzuho bayon etarlarki, ta’rix va jug‘rofiya qorilari va mutafunnunlarini hayrat va hamiyatlari bo‘lur. Xulosa, vuquot (voqealar — H.S.) va hududot islomiyaning bu sahifalari qur’otidan (donolik — H.S.) ko‘ngullar inshiroh topar. Inson o‘zini bir lazzati ruhiyya ichida mustazih his etarki, ahli undanda ming karra musallamdur (inkor qilinmagan, ma’qullangan — H.S.). Ey jolisi muhtaramim, siz hanuz ta’rixi umumiy yoinki ta’rixi islomg‘a mubtadi’ darajasinda ham emassiz va janobing‘izni zamoni sobiqa, zamoni mutavassata (o‘rta — H.S.), zamoni oxira yoinki qirvan (ko‘p — H.S.) qadima va jadida ta’birlari ila sargardon etmayin, balki xulosatal xulosa ta’rixiyyani muxtasar natijasidan aytmoqchiman.
Ta’rix deyurki, bir zamon keldiki, ulamo va umaroi islom jubun va tanbal aysh (turmush — H.S.) beparvo, digar tarafdin bir-birlari ila muxolif bo‘ldilar. Ta’lim va tadrisi ulamoi din lodonlar majlisini tarjih (ustun — H.S.) etdilar. Umaro va salotin (podsholar, sultonlar — H.S.) islom nohaq yerg‘a yuz minglab ahli islom qonini to‘kub, taraf-taraf bo‘ldilar. Ulamo bo‘lsa umaro nonig‘a va maoshig‘a ko‘z tikib muqobillarini takfirlarig‘a qadar ilgari ketdilar. Husumati mashabiyya va ta’sibi ilmiyyag‘a ahamiyat berdilarki, nasroniyat olamidaki va papaliq zamonindaki ixtiloflarg‘a monand nizolar olami islomni parchalanmoqig‘a sababiyat berdi”.
Publitsist buyuk saltanatning fojiasini ochib beryapti. To‘g‘ri, gap cho‘zilgan, ko‘pchilik so‘zlar tushunarsiz, turkiyda yozilmagan. Muallifning bu usulini biz yuqorida aytgandik, ya’ni publitsist mazkur maqolasini yurtning ziyolilariga qarata yozgan edi. Ikkinchidan, maqola senzura qaychisiga yo‘liqmasligi ham shart edi. Muallifning mahorati shundaki, bunda o‘zaro ichki ixtiloflar, ilmga befarqlik buyuk davlatning yemirilishiga sabab bo‘lishini ochib bermoqda.
Maqolaning salmoqli bo‘lishida faktlar katta ahamiyatga ega. Bu faktlarga publitsistning dardli so‘zlari yo‘g‘rilsa, u so‘zlar toshni ham eritib yuboradi. Behbudiy qanchadan-qancha mamlakatlar qo‘ldan ketganligini qayg‘u bilan tasvirlaydi. Maqolaning kompozitsiyasini belgilagan jolis — suhbatdoshga murojaat qiladi: “Ey birodar, ta’rixi islomni qoralaydurgon sahifalari xulosasini natijasindan sizg‘a arz qilarmanki, yer olami ketdi, ketadur”.
Muallif Ovruponing janubi-g‘arbidagi va Sibir tomondagi qo‘ldan ketgan mamlakatlarni birma-bir sanaydi: “Xulosa, Ovruponi janubi-g‘arbidagi mamoliki islomiya mahv va nopadid (ko‘rinmas, ta’sirsiz — H.S.) bo‘ldi. Ahli islomiyasini ba’zisi haydaldi. Ba’zan asir, ba’zan tahriq qildurildi va bu kun ulardan na nom bor va na iymon. Ovrupo vasattiga qarasangiz, Serb, Bulg‘or, Qirim, Kurid, Qibris, Yunon, Rum ila xittalari (o‘lka, yer yuzi — H.S.) ketdi, holo ketmakdadur. Bir karra Afriqo xaritasiga nazar qilayluk. Tanja ketdi, Taroblis, Tunis, Zanjibar, Sudan, Madagasqar islomiyalari qisman ketdi va qisman ketmakdadur...”.
Publitsist zora ahvolni ko‘rar degan umidda suhbatdoshini xaritaga nazar tashlashga chorlaydi. Bardosh bera olmaydi, yig‘laydi.
“Endi mahdi (beshik — H.S.) qadim insoniyat va mazhar kul odiyon va maydon, taraqqiyi islomiyat bo‘lgan Osiyo qit’asi xaritasig‘a tavajjuh qilarmizki, 3 asr oxiri zarifinda na holatg‘a kelmish. Oh, munda qalam titrayur, qalb yig‘layur. Bir bag‘ri yoniq derdi: “Oh, nodon muri shud, oh nodong‘a o‘lat kelsun”. Osiyo qit’asig‘a kini (dushman — H.S.) balad (shaharlar, mamlakatlar — H.S.) islomiyadan ulamoi islom tasarrufidan ovrupoliklar tasarrufig‘a o‘tkan amsor va amloki islomiyani man tavsi’ (kengayish, yoyilish — H.S.) va ti’dod (sanash, hisoblash — H.S.) etmayin-da, sizda yolg‘uz ikki-uch asrdan beri umum nasroniyya tasarrufig‘a kirgon musulmonlar adadini ko‘rsatguvchi raqamlarni yozmoq ila bu karra iktifo (kifoyalanish — H.S.) qilurman...
Aziz jolisim, sizg‘a so‘ylab turibman, fahmlaysizmu? Hayhot, hayhot, umumiy Osiyo qit’asig‘a 600 miliyun qadar musulmon borki, andin 10 miliyun Osiyoi safro va jaziratul-Arabg‘a sokin va Usmonli hukumatig‘a tobe’, 9 miliyun Erong‘a, 6 miliyuni Afg‘ong‘a, 2 miliyuni Buxoro, miliyuni Xiva, 1 miliyuni Bulujiston,12 miliyuni Haydarobod degan, 1 miliyuni Ummon va miliyundan kami Jumhur hukumati islomiyasig‘a tobe’ bo‘lub, baqya 50 miliyuni Xitoy va 50 miliyuni inglisg‘a va 50 miliyun qadari, yana 40 miliyuni Jazoir Bahri Kabir musulmonlari ila barobar Inglis, Fransa, Kalandiya, Ispaniya, Russiya va o‘zga davli (davlatlar — H.S.) nasroniyasig‘a tobe’... Biz Osiyoi vasatiy (o‘rta) va shimoliy sokinlaridan Russiya davlatig‘a to‘g‘ridan-to‘g‘ri tobe’. Buxoro ila Xiva hukumatlari davlatimizni himoyatig‘adur. Yuqorida bayon bo‘lg‘an hukumati islomiyada faqat Usmonli ila Eron davlatlari doxiliy va xorijiy ishlarig‘a mustaqil va qalamasi davla nuqtadora (bo‘yinsunilgan — H.S.) nasroniyaning barisini hamiyat va nufuzig‘a tobe’ va erkak-xotun kabidur”.
Taniqli olmon olimasi Ingeborg Baldauf Behbudiyning hayoti va faoliyati bilan qiziqib, uni o‘rgangan xorijiy tadqiqotchilarning eng sermahsulidir. Bu olima Behbudiyning ushbu maqolasini o‘qiganda edi, balki “bir dindagi kishilarning yaqinligi yasamadir, chinakam birdamlik emas; kamdan-kam hollardagina Behbudiy “barcha musulmonlarning birligi” to‘g‘risida so‘z yuritadi. Mahmudxo‘ja tushunchasidagi birdamlik faqat uning o‘z millatiga taalluqlidir. Millat esa, faqat diniy emas, balki diniy va makoniy nuqtai nazardan ta’riflanishi lozim, ya’ni Behbudiy “barcha musulmonlarning birligi” deganda, fikrimizcha, birinchi navbatda O‘rta Osiyo musulmonlarining birdamligini tushungan bo‘lsa kerak. Shu birdamlik tushunchasi Behbudiyning siyosiy nuqtai nazarini ham belgilaydi, demagan bo‘lardi. Chunki Behbudiy musulmon olamining g‘ayriislomiy davlatlar tomonidan ne tariqa poymol etilayotganligini tahlil qiladi. Lekin haqiqatan ham u biror maqolasida butun olam islom davlatlari tasarrufiga o‘tsin, degan ma’noda fikr yuritmagan.
Bu maqoladan so‘ng “tashkil qilingan” janjal rasman yuqoridagi ko‘chirmaning ayrim fikrlariga tayangan. U maqolaga hali to‘xtalamiz. Bundagi asosiy fikr esa ikki mamlakat — Turkiya va Erongina hech kimga tobe emasligi va bu “ahli islomg‘a ibrat” bo‘lishi ta’kidlanadi. Maqola hadisdan olingan ibratli fikr bilan yakunlanadi: “Jolisimiz deyur: Ore, xudo qildi, man dedim: “Olgan barcha yaxshi narsalaring xudodan, boshqalari o‘zingdandur”. Ya’ni, “Hammasi xudodan”, deydigan kishilarga nisbatan Behbudiy ishonchli manbalardan kuchirma keltirish bilan javob beradi. Behbudiyning bunday mahorati maqolaga kuch-quvvat bagishlagan. Arab tilida, Qur’ondagidek ko‘chirilgan bu ko‘chirma ham “Oxranka” uchun tarjima qilib berilgan. Bunda biz yuqorida maqola “ziyolilar uchun yozilgan”, degan fikrimizga yana bir dalilni ko‘ramiz. Chunki Qur’onni har bir kishi ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilib, tushunib ketavermagan. Behbudiy bu fikri bilan islom mutaassiblariga katta zarba beradi. Chunki mutaassiblar “Bizning g‘ayridinga mute’ bo‘lishimiz ham xudodan”, degan aqidani bayroq qilgancha, o‘zlarini himoya qilib, xalqni tinchlantirib yurishgan. Behbudiy esa bu mutelikning yomon hol ekanligini isbotlab, yomonning esa xudodan bo‘lmasligini, Yaratganning o‘z kitobidan isbot topib zarba beradi.
Lekin Ostroumov yozgan sharhning maqolaga bir qadar ta’sirini aytib o‘tish joiz. Chunki bu missioner mahalliy tilni yaxshi o‘zlashtirgani bois har bir jumlani sinchiklab o‘qigan, maqolaning mohiyatidagi fikrni tushunib yetgan. Ammo maqolani bosmaslikka imkon bo‘lmagan. Balki fitna uyushtirish uchun ham berilgan bo‘lishi mumkin. Muallif maqolasining boshida “muharriri muhtaram”ning ayrim fikrlari “ustodona va pirona” ekanligini madaniyat nuqtai nazaridan “kelishtirib" yozgan. Bunday maqtovlardan so‘ng, Ostroumov maqolani berishga qaror qilgandir. Birok, har ehtimolga qarshi mustamlakachi nuqtai nazaridan Behbudiyning maqolasi, jumladan, jadid maktablarida jug‘rofiya va tarixni joriy qilish dasturidagi kamchilik va nuqsonlarni “ko‘rsatib” bergan. Behbudiyning maqsadi — bolalarga bobolarining naqadar qudratli bo‘lganligini eslatish, keyinchalik yo‘l qo‘yilgan xatolarni ko‘rsatish, taraqqiy etish uchun yo‘nalish berish edi. Ostroumov yozgan so‘zboshida aynan o‘sha joylariga zarba bergan:
“Ovrupo va Russiya madrasalarida doimo mazkur ilmlar o‘qulsa kerak, ya’ni birgina toifaga taalluq ta’rix va jug‘rofiya o‘qimoq durust emas va ul ilm foyda bermas va balki ul toifag‘a takabburlik kuchayib va bo‘lak toifalarni(ng) ahvolotini nodurust ko‘rsatib, bul xususda shogirdlarga manfaat bo‘lmasa kerak. Tarbiyatning asl tartibi shuldirkim, hech vaqt va hech nima xususida nodurustlik xayol va andishalarni talabalarga aloqa qilmoq durust emas”.
Ostroumov “nodurust” xayol kelib chiqadigan har qanday darsliklar o‘quvchilarga “yomon” ta’sir qilishini sezadi va bir mamlakatga tobe bo‘lgach, uning qonunlariga bo‘ysunib, uning tarixini o‘qish g‘oyasini ilgari suradi: “... va yana bir fikrimiz shuldirkim, har qayu mamlakatg‘a tobe’ bo‘lgan xalqni bolalari ul mamlakatning ta’rixi va jug‘rofiyasini ko‘broq va ravshanroq bilsalar kerak. Zeroki, ul mamlakat avvalo mazkur shogirdlarning vatani asli qatorida bo‘lib, ul mamlakatning ahvolotini yaxshi tushuntirmoq kerak va bul gazetamizni feletunida bosilgan “Ta’rix va jug‘rofiya” degan maqolada bul tariqa fikr va andisha yo‘qdek o‘xshaydur, ya’ni Russiya mamlakatining ahvoloti bilinmay qolsa va yoki nodurust bayon bo‘lsa, ul vaqtda talabalar o‘zlarining vatani aslisi xususida nechuk va qaydan bilsalar kerak. Xususan, Russiya mamlakatiga tobe’ yosh musulmoniyalar Russiya mamlakatining ta’rix va jug‘rofiyasini bilolmay va nodurust fahmlagan holda o‘z umrlarini va zindagarchiliklarini nechuk o‘tkazadur? Albatta, ul yosh musulmonlar balog‘atga yetganda Russiya mamlakatining axvolotini va paydosini durust fahmlamay Russiya xalqining har xil zakun va qoida va ham nizomlarini yamon ko‘rib, Russiya hukumdorlarig‘a va xususan podsho imperaturg‘a tobe’at va ixlos ko‘rsatmoqlarga qadar bo‘lmaslar. Bul tariqa ilan avval tobe’ musulmoniyalar doimo xafalik va xususan maxfiy dushmanlikni o‘z ko‘ngillarida tutub, ul mamlakatg‘a emas, balki o‘zlariga ham hech foyda keltirmasa kerak”.
Ostroumov jadidlar harakatining nozik jihatlarini sezgan va ularga nisbatan barcha fikrlarini gazetada berib borib, mahalliy xalq orasiga nifoq solib turgan. Shuningdek, u bu ma’rifiy ishda zimdan davlatga qarshi ish olib borish mumkin emasligini ta’kidlaydi: “Albatta, bu tariqa tartib aslo nodurust va hukumatdorlar ul tartibni joriy qilmoqg‘a ruxsat bermasalar kerak va har qayular bilsalar kerakkim, mamlakat ichida hech bir maxfiy ishlar bo‘lmasa kerak...”.
“Bo‘lmasa kerak” degan gap shartlilik alomati hisoblanadi. Ostroumov haqiqatan ham o‘z familiyasiga mos mustamlakachi davlat fuqarosi edi, desak adashmagan bulamiz.
Lekin u naqadar “sozlab”, qo‘rqitib so‘zboshi yozgan bo‘lsa, maqola shunchalik qimmatli bo‘lib ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi, ya’ni publitsistik asar o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shundan bo‘lsa kerak, chor “Oxranka”si uni darhol uch kun o‘tib tarjima qildi va Behbudiy negadir o‘zining izoh talab qilmaydigan maqolasiga “Tavzeh”1, ya’ni izoh yozdi. Har holda, mazkur “Ta’rix va jug‘rofiya” maqolasida bitgan “istasangiz boshqa zamon so‘ylashurmiz”, degan va’dasiga binoan yozmadi, balki... o‘sha vaqtda bo‘lib o‘tgan voqealar tafsiloti sirligicha qolib ketgan bo‘lsa-da, Behbudiyning “Tavzeh” nomli maqolasida uning “izohi” talab qilib olinganiga ishora bor. Avvalo, ushbu maqola izoh, deya nomlansa-da, negadir izohga izoh tariqasida muallifning so‘zboshisi ham yozilgan. Savol tug‘iladi: izohga izohning nima keragi bor? Muharrir so‘zlaridan iqtibos keltirsak hammasi ayon bo‘ladi:
“Mundin muqaddam 90-inchi raqamlik gazetamizda hurmatlik Mahmudxo‘ja muftiyning feletunig‘a andak javob tarzida yozgan eduk. Ul yozgan maqolasi asbobi fasod yoki yomon mudaao deb o‘ylamaduk. Lekin maqolani gazetga darj qilganimizda Xiva hukumat sohiblari va Xiva, alarg‘a tobe’ odamlar oni o‘qub yamon muddaoga ta’bir bermasliklari uchun biz javob savol muqaddardek daf’i istihola aylab, ba’zi mulohazalarni yozib, o‘ylag‘on edukkim, bizni ul yozgan javobimizga hurmatlik Mahmudxo‘ja mufti o‘zi albatta javob yozsalar kerak deb. Ondin kelgan javobni ko‘rduk.
Ko‘rduk, yozganingiz to‘g‘ri, durust javob yozibsiz. Xursandlik ilan bul yozgan javobingizni ushbu gazetga solmoqni munosib ko‘rub, gazet sahifasidan joy berduk”.
Go‘yoki Behbudiy ushbu “Tavzeh”ni “Ta’rix va jug‘rofiya” maqolasi bilan berilgan muharrir fikriga javob yozgan-u, muharrir unga chin dildan gazetadan joy ajratgandek tuyuladi kishiga. Biroq “Oxranka”ning maxfiy papkalarida saqlangan Behbudiy maqolasining tarjima-izohini topganimiz bu tuyg‘uning asossizligini ko‘rsatdi. San’atning, publitsistikaning shunday usullari borki, voqealarni bemalol ular orqali aniqlasa bo‘ladi. Deylik, agar Behbudiyga birov “siyosatga aralashmaysan, so‘zingni qaytib ol” demaganida, u “Tavzeh” nomli maqolasida quyidagi fikrlarni bayon qilmagan bo‘lardi:
“Russiyani kim va qandayligini bilmaydurg‘on nodonlardan emasmiz va ammo “Ta’rix va jug‘rofiya” unvonlik maqolamiz ta’rix va jug‘rofiya o‘qumoqni diniy jilva etdirmoq va yoinki sarf ilmiy va voqeiy bir maqola edi. Siyosiy va taassubiy emas edi...”.
Bunday paytda muallifning “qanday” yozishi publitsistika bilan shug‘ullanib yuruvchilarga ma’lum. Muallif o‘ta hushyor holda, hissiyotga berilmay, bir qadar dardini yashirib yozadi. Shunday bo‘lsa-da, “Ta’rix va jug‘rofiya” maqolasida Behbudiy anchagina fikrlarini, jumladan, Ostroumovning “Russiyaning tarixini o‘rganishlari shart”, degan gaplariga qarata “Muntaxabi jug‘rofiyai Russiya” kitobini ham yozganligini ta’kidlab, «siyosat uchun» ko‘p fikrlarni aytadi.
Xulosa shuki, publitsist “Ta’rix va jug‘rofiya” maqolasida o‘z oldiga qo‘ygan vazifani bajargan, ya’ni o‘quvchini uyg‘otish uchun so‘zlar, dalillar topa olgan. Maqolaning dard bilan yozilgani uning yurakka yetib boradigan ta’sirga ega bo‘lganligini anglatadi. “Tavzeh”da muallif mustabid hukumatga “salom” bergan bo‘lsa-da, uning hamma gapi aytib bo‘lingan edi. Bu maqolalarning ikkisini ham siyosiy mavzudagi maqola deb qarash mumkin. Biroq bunda baribir ma’rifat yuqori o‘ringa qo‘yiladi. Behbudiyning 1917 yilgacha yozganlari orasida mazkur maqola jadidchilik harakatining maqsadlarini ochiq bayon qiladi. Maqola mohiyati shu paytgacha behbudiyshunoslar nazaridan chetda qolgandi. Chunki bu maqoladan keyin ziyolilar orasida Behbudiyga nisbatan hurmat oshadi. “Oxranka”da esa unga xavfsirab qaray boshlaydilar.
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori, professor.
(Davomi bor)