O‘z vakolatini suiiste’mol qilgan inspektorga chora ko‘rildi (video)

Transport vazirligi Toshkentda YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilgan «Lasetti» avtomobili yo‘lovchilariga qo‘pol muomalada bo‘lgan poytaxt transport boshqarmasi inspektoriga nisbatan chora ko‘rilganini xabar qildi.

Trasport vazirligi inspektorining xizmat vazifasini bajarish vaqtida o‘z vakolatini suiiste’mol qilganligi aks etgan videotasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida maxsus ishchi guruhi tuzilib, xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. O‘rganishlarda aniqlanishicha, 7 oktyabr kuni Toshkentning Bektemir tumani TXAY ko‘chasida noqonuniy yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxslarni aniqlashga qaratilgan qo‘shma reyd tadbiri davomida YPX noziri tomonidan davlat raqami 40 N 958 RA bo‘lgan «Lasetti» rusumli transport vositasi to‘xtatilgan.

Toshkent transport boshqarmasining avtomobil tashuvlari xavfsizligini ta’minlashni nazorat qilish bo‘limi 1-toifali inspektori A.Xoshimov transport vositasida Farg‘ona viloyatiga ketayotgan yo‘lovchilar bilan olib borgan suhbati davomida yo‘lovchi talabiga ko‘ra, shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatmay, aksincha, yo‘lovchidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishini talab qilib, qo‘pol tarzda yo‘lovchini so‘roqqa tortgan va transport vositasidan chiqishni talab qilgan.

Ishchi guruhi tomonidan Toshkent transport boshqarmasida o‘tkazilgan tadbirda inspektorlar birinchi navbatda yo‘lovchi tashish faoliyati qonuniyligini, xavfsizligini ta’minlashi hamda yo‘lovchilarning huquqini himoya qilishi lozimligi ta’kidlanib, yuqoridagi kabi axloqsiz holatlarning kelgusida takrorlanishining oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.

Shuningdek, inspektorlar tomonidan o‘z vakolatini suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish maqsadida ularning huquqiy bilimini oshirish, muomala madaniyati bo‘yicha muntazam ravishda yo‘riqnomalar o‘tkazish yuzasidan boshqarma rahbariyatiga topshiriq berildi. Yuqorida ro‘y bergan holat yuzasidan 1-toifali inspektor A.Xoshimovga nisbatan «hayfsan» e’lon qilindi.