Ozarbayjonda qisman jangovar shaylik e’lon qilindi

Armaniston bilan Tog‘li Qorabog‘dagi ziddiyatli vaziyat tufayli Ozarbayjon qurolli kuchlari qisman mobilizatsiya (jangovar shaylik holati) e’lon qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Ozarbayjon prezidenti va oliy bosh qo‘mondoni Ilhom Aliyev mazkur buyruqqa imzo qo‘ydi.

“Ozarbayjon prezidenti mamlakatda qisman mobilizatsiyaga o‘tish to‘g‘risida e’lon qilish haqidagi buyruqqa imzo qo‘ydi”, deyilgan uning matbuot xizmati xabarida.

Biroz ilgari tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi va Armaniston jangovar holat va umumiy mobilizatsiya e’lon qilgan edi.

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida Qorabog‘ tutash chegarasidagi vaziyat 26 sentyabr yakshanba kuni ziddiyatli tus oldi. Tan olinmagan respublika Ozarbayjon harbiylari ularning hududida, shu jumladan, poytaxt Stepanakertda ham o‘t ochganini ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, tinch aholi orasida ham qurbonlar bo‘lgan.

Bunga javoban Boku barcha aybni Yerevanga to‘nkadi. Ozarbayjon mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, birinchi bo‘lib Armaniston tomon o‘t ochgan, Ozarbayjon qurolli kuchlari faqatgina hujumni qaytarish tadbirini amalga oshirgan.

Armaniston harbiylarining so‘zlariga ko‘ra, Qorabog‘ga nisbatan Ozarbayjon tomonidan havo hujumi uyushtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 27 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi vaziyat yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan bayonotda “Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasini harbiy harakatlarni tezda to‘xtatishga hamda mojaroni suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyillariga rioya qilgan holda tinch yo‘l bilan bartaraf etish maqsadida diplomatik muzokaralarni boshlashga chaqiramiz», deyilgan.

Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi va boshqa bir qator davlatlar ikki tomonni bosiqlik va diplomatiya yo‘li bilan vaziyatni hal qilishga chaqirdi.